Jahon | 16:22 / 27.02.2025
21387
12 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jali genotsidi - insoniyat tarixidagi qonli sahifa

Armanistonning Ozarboyjon hududiga bo‘lgan hududiy da’volari va Ozarboyjon xalqiga qarshi olib borilgan etnik tazyiqlar siyosatining eng dahshatli cho‘qqisi Xo‘jali genotsidi bo‘ldi.

Xo‘jalining mahalliy aholisi o‘ta shafqatsizlik va g‘ayriinsoniy usullarda qirib tashlangan. Bu fojia Xatin, Liditsa, Songmi va Ruandadagi qirg‘inlar qatorida turadi. Bir kechada yetti ming aholiga ega shahar yer yuzidan yo‘q qilindi, odamlar ayovsiz qirg‘in qilindi. Arman harbiylari bolalarni, ayollarni va qariyalarni ham ayab o‘tirmadi, deb yozmoqda AzerTAC.

Foto: AzerTAC

Oradan 33 yil o‘tsa-da, Ozarboyjon xalqi Xo‘jali alami bilan yashamoqda va shahidlarlarning muqaddas xotirasini asrab-avaylab kelmoqda. Ozarboyjon yerlari ishg‘oldan ozod qilinganidan so‘ng, shahidlar ruhi shod bo‘ldi, begunoh qoni to‘kilgan insonlarning haqi ado etildi. Xo‘jali shahri, qolaversa, ishg‘olda bo‘lgan boshqa shahar va qishloqlar erkinlikka erishdi. Mamlakat hududiy yaxlitligi Vatan urushidagi ulkan g‘alaba va Prezident, Bosh qo‘mondon Ilhom Aliyev boshchiligida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli antiterror tadbirlari natijasida to‘liq tiklandi. Xo‘jali shahri ayirmachilardan tozalanib, 2023 yil 15 oktabr kuni Prezident Ilhom Aliyev Ozarboyjon Respublikasining Davlat bayrog‘ini Xo‘jali shahrida ko‘tardi.

2024 yil yanvar oyida milliy telekanallarga bergan intervyusida Prezident Ilhom Aliyev Xo‘jali shahidlari intiqomi olininganini yana bir bor ta’kidladi.

«…Xo‘jalining osmonida bayrog‘imizni ko‘tarar ekanman, Xo‘jali qurbonlarning qoni uchun intiqom olinganini to‘liq ishonch bilan ayta olishimiz haqida o‘yladim. Xo‘jalida bayrog‘imizni ko‘tarish undanda ta’sirli voqea bo‘ldi, buni ochiq aytishim mumkin. Xonkandida bayrog‘imizning ko‘tarilishi esa adolatning to‘liq tiklanishi va g‘alabamizning yakuniy nuqtasi bo‘ldi», — degan edi Ilhom Aliyev.

Foto: AzerTAC

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘iga muvofiq, 2024 yil may oyida Buyuk qaytish dasturi doirasida Xo‘jaliga birinchi ko‘chib kelish jarayoni amalga oshirildi. Shahar aholisi uchun barcha qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy standartlarga mos ravishda uylar barpo etildi, infratuzilma yangilandi, maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obektlar ishga tushirildi. Shu bilan birga, hududga qaytib kelayotgan aholini ish bilan ta’minlash maqsadida turli iqtisodiy va ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mustahkam siyosiy iroda, kuchli iqtisodiy salohiyat, qudratli armiya, xalq va yetakchi birligi, vatanparvarlik va sabr-toqat tarixiy g‘alabani amalga oshirish imkonini berdi. Xo‘jali qirg‘ini xotira kuni Ozarboyjon xalqi birligi va mustahkam vatanparvarlik ruhining haqiqiy ramziga aylandi.

Qirg‘inga eltgan noinsoniy g‘oyalar

Arman shovinistlari oxirgi ikki asr davomida Ozarboyjon xalqiga qarshi tizimli ravishda terror, ommaviy qatliomlar, deportatsiyalar va etnik tazyiq siyosatini olib bordilar. Ular o‘zlarining «Buyuk Armaniston» g‘oyalarini amalga oshirish uchun Ozarboyjonning tarixiy yerlari hisobidan hududiy da’volarni ro‘yobga chiqarishni maqsad qilgan edilar.

1990-yillar boshlarida armanlar Qorabog‘da ozarboyjonliklarga qarshi ommaviy qatliomlar sodir etdilar. Xo‘jali fojiasidan to‘rt oy avval, ya’ni 1991 yil oktyabr oyining oxirlaridan boshlab, Xo‘jaliga olib boruvchi barcha yo‘llar to‘sib qo‘yildi va shahar to‘liq qamalda qoldi. 2 yanvardan boshlab, Xo‘jali elektr ta’minotisiz qoldi, boshqa hududlar bilan aloqasi uzildi. Shaharga yagona transport vositasi sifatida faqat vertolyotlar qolgan edi.

Foto: AzerTAC

Lekin 1992 yil 28 yanvarda, Ag‘damdan Shushaga qarab uchib ketayotgan MI-8 vertolyoti Xonkandidan turib uchirilgan raketa bilan Xalfali qishlog‘i ustida urib tushirildi. Natijada, 3 ekipaj a’zosi va 41 yo‘lovchi halok bo‘ldi. Shuning ortidan arman armiyasi Qorabog‘dagi oxirgi ozarboyjon qishloqlarini bosib olishga kirishdi.

1991 yil oxiriga kelib, Qorabog‘ tog‘lik hududida 30 dan ortiq ozarboyjon qishlog‘i, jumladan Tug‘, Imorat-Garvand, Sirxavand, Meshali, Jamilli, Umudlu, Kerkijahon va boshqa strategik ahamiyatga ega aholi punktlari armanlar tomonidan vayron qilinib, yoqib yuborildi va talon-toroj qilindi.

1992 yil 12 fevralda Shusha yaqinidagi Maliybeyli va Gushchular qishloqlarida arman qurolli guruhlari ommaviy qatliom sodir etdilar. Faqat Maliybeyli qishlog‘ining o‘zida 50 kishi o‘ldirildi, o‘nlab odamlar yaralandi va asir olindi.

17 fevral kuni esa Xo‘javand tumani Qoratog‘li qishlog‘ida arman qurolli kuchlari va Xonkandida joylashgan 366-motoo‘qchi polki ishtirokida qonli qatliom sodir etildi. Qishloqning har o‘ninchi kishini nobud qilindi: 104 kishi va 15 o‘zini himoya qilish otryadi a’zosi asir olindi, 80 kishi qatl etildi. Ular orasida 10 ayol va 8 bola bor edi. 1988-1992 yillar oralig‘ida Qoratog‘li 305 marta dushman hujumlariga uchragan.

Qortog‘li qatliomi – Xo‘jali genotsidiga olib kelgan mash’um yo‘lning boshlanishi edi. Uning shafqatsizlik darajasi shunchalar yuksak ediki, ko‘p hollarda bu qirg‘in Xo‘jali fojiasi bilan tenglashtiriladi.

Qirg‘inning boshlanishi

1992 yil 25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi, Armaniston qurolli kuchlari va Xonkendida joylashgan 366-motoo‘qchi polkining 10 ta tank, 16 ta BTR, 180 ta BMP (piyodalar zirhli mashinasi) bilan qo‘llab-quvvatlangan bo‘linmalari Xo‘jali shahrini qamal qildi. Arman qo‘shinlari shaharga og‘ir artilleriyadan shiddatli o‘q uzib, Xo‘jalini yer bilan yakson qildi. Shahar butunlay vayron qilinib, yoqib yuborildi, aholi esa besiyoq shafqatsizlik bilan qatl etildi. Juda ko‘p insonlarning boshi tanasidan judo qilindi, ko‘zlari o‘yib tashlandi, tiriklayin yoqib yuborildi, bosh terisi yulib olindi.

Xo‘jalining o‘zini himoya qilish otryadlari so‘nggi daqiqalargacha jang qildi, dushmanga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi, biroq kuchlar mutlaqo teng emas edi. Xo‘jaliliklar beqiyos jasorat va qahramonlik bilan shaharni himoya qildi. Qatliom vaqtida 3000 ga yaqin qurolsiz tinch aholi shaharni tark etib, qo‘shni hududlarga qochishga majbur bo‘ldi. Lekin ularga yordam kelmadi. Ko‘plar o‘rmonlarga yashirinishga muvaffaq bo‘lgan, ammo tish-tirnog‘i bilan qurollangan dushman tomonidan ular alal-oqibatda topilib, shafqatsiz ravishda o‘ldirilgan.

Xo‘jali qirg‘ini natijasida shaharning 5379 nafar aholisi majburiy siqib chiqarilgan. 1275 kishi asirga olingan va qiynoqlarga solingan (shundan 150 kishi, jumladan 68 ayol va 26 nafar bolaning taqdiri hanuzgacha noma’lum), 487 kishi turli og‘irlikdagi tan jarohatlari olgan. 8 oyida to‘liq qirib tashlangan. 130 bola ota-onasining biridan ayrilgan, 25 bola to‘liq yetim bo‘lib qolgan. Vahshiyona qiynoqlar ostida 613 kishi o‘ldirilgan. Ularning 63 nafari yosh bolalar, 106 nafari ayollar va 70 nafari qariyalardir. Xo‘jali qirg‘inining dahshatli statistikasi mana shulardan iborat.

Xo‘jali qirg‘iniga xalqaro hamjamiyat reaksiyasi

2024 yil 21 fevralda Xo‘jali shahrida keng ko‘lamli qurilish va tiklash ishlari davomida ommaviy qabr topildi. Bu qabr shaharning markaziy qismida, sobiq gilam fabrikasi yaqinida aniqlangan. Ushbu topilma va boshqa ko‘plab dalillar ozarboyjon xalqiga nisbatan amalga oshirilgan vahshiy genotsidni yana bir bor tasdiqlaydi.

Xo‘jali fojiasi xalqaro humanitar huquq me’yorlarining qo‘pol buzilishi bo‘lib, 1949 yilgi Jyeneva konvensiyalari va BMTning genotsid jinoyatining oldini olish va uni jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga mutlaqo ziddir.

Ozarboyjon ko‘p yillar davomida Xo‘jali genotsidi haqiqatlarini jahon hamjamiyatiga yetkazish ustida tizimli ish olib bormoqda. Bu dahshatli jinoyat butun dunyo ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, uning asl mohiyati 1993 yilda umummilliy yetakchi Haydar Aliyev hokimiyatga qaytganidan keyin butunlay ochila boshladi. 1994 yil fevralda esa Ozarboyjon Respublikasi Milliy Majlisi Xo‘jali genotsidiga siyosiy-huquqiy baho berdi.

Foto: AzerTAC

Prezident Ilhom Aliyev Xo‘jali genotsidini uyushtirganlarni fosh etish va xalqaro hamjamiyatni ushbu qirg‘in haqida to‘liq xabardor qilishni Ozarboyjon tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb ta’kidlagan. Mamlakat jahon hamjamiyatiga Xo‘jali voqealari haqida haqiqatni yetkazish va ushbu genotsidga haqqoniy bahoni berish uchun faol qadamlar tashlamoqda.

Ozarboyjon Respublikasining Birinchi vitse-prezidenti, Haydar Aliyev fondi prezidenti Mehribon Aliyeva tashabbusi bilan Haydar Aliyev fondi Xo‘jali genotsidi haqiqatlarini jahon hamjamiyatiga yetkazish yo‘lida tizimli va izchil ish olib bormoqda.

2008 yilda Haydar Aliyev fondi vitse-prezidenti Laylo Aliyeva tashabbusi bilan boshlangan «Xo‘jaliga adolat» xalqaro kampaniyasi ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada jonlantirdi. Ushbu ma’rifiy-targ‘ibot kampaniyasi doirasida Xo‘jali genotsidining dahshatli voqealari butun dunyo jamoatchiligiga yetkazildi. Millionlab insonlar bashariyatga qarshi qaratilgan bu jinoyat haqiqatlarini bilib olishdi va arman shovinistlarining asl yuzini angladilar.

18 davlat parlamenti va AQShning 24 shtati Xo‘jalida tinch aholiga nisbatan amalga oshirilgan qirg‘inni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida baholagan va qoralovchi rezolyutsiyalar qabul qilgan.

Shu bilan birga, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ham Xo‘jali genotsidini keskin qoralovchi rezolyutsiyalar va bayonotlar qabul qilgan.

2020 yil 27 sentabrda boshlangan va 44 kun davom etgan Vatan urushi arman fashizmining asl mohiyatini yaqqol namoyon qildi. Jang maydonida Ozarboyjon askari oldida ojiz qolgan dushman front ortidagi tinch aholi yashaydigan hududlarga raketa hujumlari uyushtirdi. Natijada, bolalar va ayollar hamda tinch fuqarolar halok bo‘ldi.

Ganja, Barda, Tartar, Naftalan va boshqa shaharlarga qilingan raketa hujumlari arman fashizmining qanchalik razil va xavfli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Harbiy harakatlar tugagan va Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolash masalasi kun tartibida turganiga qaramay, xalq xotirasidan Xo‘jalida 33 yil avval armanlar tomonidan sodir etilgan qirg‘in va shafqatsiz genotsid hech qachon o‘chmaydi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bu haqda shunday degan edi: «Ha, biz tinchlik kerakligini doim takrorlab kelayapmiz. Lekin armanlarning vahshiyliklarini, arman fashizmini hech qachon unutmasligimiz kerak. Xo‘jali qurbonlarini unutmasligimiz kerak. Ganja va boshqa shaharlarimiz qurbonlarini ham unutmasligimiz kerak va unutmaymiz ham».

Qayd etib o‘tiz joizki, xalqaro miqyosda Ozarboyjon xalqiga qarshi amalga oshirilgan genotsid haqidagi ma’lumotlarni keng tarqatish hamda Xo‘jali fojiasi qurbonlarining yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida, Prezident Ilhom Aliyev 2025 yil 25 fevral kuni «Xo‘jali shahrida Xo‘jali genotsidi memorial majmuasini barpo etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Mavzuga oid