O‘zbekistonda vazirlarning raqamlashtirish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bo‘ladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xususiylashtirish sohasidagi aniq vazifalar va ularni hal etish mexanizmlarini belgilab bergan.
«2025 yilda ham xususiylashtirish ishlarini jadallashtirish topshirildi. Buning barcha mexanizmlari, qanday amalga oshirish kerakligi bo‘yicha aniq vazifa va yechimlarni prezident belgilab berdi. Aytdilarki, 2025 yil barcha sohada xususiy sektorni jalb qilish yili bo‘ladi… Prezident raqamlashtirish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosar darajasidagi rahbarni tayinlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi», — dedi Akmalxon Ortiqov.
Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda davlat korxonalari, vazirlik va idoralar oldiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, keraksiz obektlarni sotish bo‘yicha vazifalar qo‘ygan.
Davaktiv rahbari davlat korxonalarini xususiylashtirish va bo‘sh yerlarni auksion orqali sotish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan yangi dasturni tayyorlash rejalashtirilganini aytdi.