Boysundagi gaz konida yonar buloqlar, qo‘llari kesilgan chaqaloq, vahimali yolg‘on xabar tarqatganlarga berilgan jazo va Volgabo‘yidan kelayotgan qorli havo — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Boysundagi gaz konida yong‘inli maydonlar
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida olovli maydonlar hosil bo‘lgani haqida xabar berildi. Kun.uz tahririyatiga yuborilgan videotasvirlarda konning ayrim qismlaridan gaz sizib chiqib, bir necha o‘t o‘choqlari hosil bo‘lgani aks etgan.
Mahalliy aholining ma’lum qilishicha, gaz chiqishi oqibatida katta quduqlar atrofida kichik-kichik tirqishlar paydo bo‘lgan va ular yoqib qo‘yilgan. Hududda hali ham gaz sizib chiqayotgan o‘t o‘choqlari borligi, ularni kuzatish uchun maxsus nazoratchilar qo‘yilgani aytiladi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, nazoratchilar har bir gaz chiqish nuqtasiga joylashtirilgan. Hududda 18-19 ta kichik maydonda gaz chiqish holatlari kuzatilmoqda.
Ayrim fuqarolar sassiq gaz hidi sezilmayotganini, lekin vaziyatdan tashvishda ekanliklarini ta’kidlamoqda.
Kun.uz holat bo‘yicha Energetika vazirligiga murojaat qilgan, ammo hozircha rasmiy javob olinmagan. Eslatib o‘tamiz, «M25» konidagi muammolar 2024 yil sentabr oyidagi avariyadan keyin boshlangan. Ushbu hodisada aholi ko‘chirilgan, ikkinchi avariyada esa pudratchi kompaniyaning 4 xodimi halok bo‘lgan.
Noyabr oyida konning yana portlagani va bu hodisadan keyin yong‘in va badbo‘y hidning kamaygani xabar qilingan edi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘shanda vaziyatni barqarorlashtirish 2-3 oy vaqt olishini ma’lum qilgan.
Chaqaloqning qo‘llari kesildi
Toshkentdagi 1-son bolalar shifoxonasida 2 oylik chaqaloqning qo‘li amputatsiya qilinishiga oid holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, chaqaloqning qo‘li gangrena tufayli kesilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, chaqaloq 2024 yil 9 dekabr kuni yuqori tana harorati, yo‘tal va bezovtalik alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Dastlab unga shifoxonadan tashqari pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan va chaqaloqlar patologiyasi bo‘limiga joylashtirilgan. Keyingi tekshiruvlar natijasida chaqaloqda sepsis, septisemiya, Covid-19 pnevmoniyasi va tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan.
Davolanish jarayonida chaqaloqning qo‘lida chap yelka arteriyasi tromboemboliyasi va qon aylanishining keskin buzilishi qayd etilgan. Bu holat uning hayotiga xavf solgani uchun ota-ona roziligi asosida shifokorlar qo‘lini kesishga majbur bo‘lgan.
Hozirda chaqaloqning holati barqaror deb baholanmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini va natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini bildirdi.
Yolg‘on xabar tarqatganlar jazolandi
Qashqadaryo viloyatida Hisorak suv ombori haqida yolg‘on xabar tarqatgan ikki shaxsga sud hukmi o‘qildi. Yolg‘on ma’lumot tarqatilishi oqibatida 150 dan ortiq oila o‘z uylarini tashlab, vaqtincha boshqa hududlarga ko‘chib o‘tdi. Ushbu harakatlar natijasida jami 380 mln so‘mga yaqin zarar keltirildi.
2024 yil 10 iyun kuni Hisorak suv omborida tunnel yorilishi va suv sizib chiqishi holati kuzatilgan. Viloyat hokimligi va FVB mas’ullari vaziyat nazoratda ekanini ta’kidlab, aholini tinchlantirgan bo‘lsa-da, ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatni yashirilayotgani haqida yolg‘on axborot tarqatdi.
Sud ularni Jinoyat kodeksining yolg‘on axborot tarqatishga oid moddasi bo‘yicha 2 yillik ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi. Shuningdek, ularga internetdan foydalanish va ommaviy tadbirlarda ishtirok etish, Qashqadaryo viloyati hududini tark etish taqiqlandi.
Qariyb 36 ming o‘zbekistonlik xorijga o‘qishga ketgan
2024 yilda 35,9 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijga o‘qishga yo‘l olgan.
Eng ko‘p o‘zbekistonliklar tahsil olish uchun Tojikistonga borgan – ularning soni 12 ming 809 nafarni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda Rossiya bo‘lib, bu yerga 8 ming 629 nafar fuqaro o‘qishga ketgan. Uchinchi o‘rinda Qirg‘iziston turibdi – 3 ming 953 nafar.
Hafta mobaynida yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda
O‘zbekistonga Volga tomonidan nam va sovuq havo massalari kirib kelmoqda. Seshanba kuni ko‘p joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda esa qorga aylanishi mumkin. Harorat kunduzi +5...+10 daraja, kechasi 0...+5 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Chorshanbadan boshlab yog‘ingarchilik ko‘payib, ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi. Harorat 0...+5 darajaga tushadi. Payshanbada esa markaziy va sharqiy hududlarda qor yog‘ishi mumkin. Shimolda harorat kechasi –8...–13 darajagacha pasayadi.
Juma kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, lekin tuman kuzatilishi mumkin.
Korrupsioner hokim yordamchilari
2024 yilda O‘zbekistonda jami 5716 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularda 6898 nafar shaxs ishtirok etgan. Bu haqda Antikorrupsiya agentligi ma’lumot berdi.
Xususan, hokim yordamchilari 309 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan. Korrupsiya holatlari ko‘proq Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Samarqand viloyatida aniqlangan. Eng kam holatlar esa Buxoro va Xorazm viloyatlarida kuzatilgan.
Korrupsiya kamaygan sohalar qatoriga «Hududgazta’minot», suv xo‘jaligi va mahalliy hokimliklar kirgan bo‘lsa, oliy ta’lim, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida jinoyatlar oshgan. Maktab ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalarida esa yuqori daraja saqlanib qolgan.
Agentlikka kelib tushgan 4176 ta murojaat natijasida 41 ta taqdimnoma kiritilib, atigi 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.