O‘zbekiston | 21:32 / 13.03.2025
1307
6 daqiqa o‘qiladi

13 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Strategik sherikka aylangan Fransiya, Mirziyoyevga “Faxriy legion” ordeni, O‘zbekistonda buzilib qolgan Rossiya samolyotlari va shilqim o‘qituvchiga 5 sutka qamoq — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston va Fransiya strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ydi

Fransiyaga davlat tashrifi bilan borgan Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makron bilan Parijda o‘tkazgan muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligini kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshgani, qo‘shma korxonalar soni esa 4 barobarga ko‘paygani qayd etildi.

Muzokaralar natijasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, mutaxassislar va talabalar harakatchanligi haqida hukumatlararo bitim imzolandi.

Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasida 6,5 mlrd yevro qiymatidagi investitsiya va innovatsiya hamkorlik dasturi tasdiqlandi. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik kelishuvi ham imzolandi.

Qolaversa, O‘zbekiston-Fransiya universiteti tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, readmissiya kelishuvi, musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik hamda Toshkent va Parij o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnoma ham imzolandi.

Mirziyoyev Fransiyaning oliy ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning eng oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Parijda bo‘lib o‘tgan marosimda mukofotni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shaxsan topshirdi.

Mirziyoyev ushbu mukofotga ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi ulkan hissasi uchun sazovor bo‘ldi. Prezident Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.

Faxriy legion ordeni 1802 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Fransiyada eng yuqori davlat mukofoti hisoblanadi. U mamlakat va xalqaro darajadagi yuksak xizmatlar uchun beriladi.

Bakalavriatga qabul uchun test mezonlari tasdiqlandi

2025/2026 o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul test sinovlari bo‘yicha savollar soni va baholash tartibi tasdiqlandi. Oliy ta’lim vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, o‘tgan yilgi tartib saqlab qolindi.

Barcha abituriyentlar uchun uchta fan majburiy: ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi bo‘yicha 10 tadan savol topshirishlari kerak. Har bir to‘g‘ri javob uchun 1.1 ball, jami 33 ball to‘plash mumkin.

Shuningdek, bakalavriat yo‘nalishiga mos ikki fan bo‘yicha 60 ta savol beriladi. Birinchi fan uchun 3.1 ball, ikkinchi fan uchun 2.1 ball hisoblanadi. Bu 156 ballni tashkil etadi. Ijodiy imtihonlar uchun ham shuncha ball ajratiladi.

Shu tariqa, abituriyentlar jami 90 savolga javob berib, 189 ball to‘plashi mumkin.

 

 

Toshkentda o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi qamaldi

Toshkentda maktab o‘qituvchisi 10-sinfda o‘qiydigan o‘quvchi qizni sinf xonasiga chaqirib, eshikni ichkaridan qulflagan holda unga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi.

Sergeli tumanida sodir bo‘lgan hodisada 36 yoshli o‘qituvchi o‘quvchini huquq faniga doir bahona bilan xonaga chaqirgan. Qiz kirganidan so‘ng, u eshikni qulflab, uni quchoqlamoqchi bo‘lgan.

Sud jarayonida o‘qituvchi aybini tan oldi va bunday harakatni qayta takrorlamaslikka va’da berdi. Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi asosida shahvoniy shilqimlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan avval Jizzaxda ham o‘quvchiga nisbatan shilqimlik qilgan 64 yoshli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Rossiyaning ikki samolyoti O‘zbekistonda buzildi

O‘zbekistonda Rossiya aviakompaniyalariga tegishli ikki samolyot bilan favqulodda hodisalar sodir bo‘ldi.

Utair aviakompaniyasining Samarqand—Moskva yo‘nalishidagi reysi dvigateldagi texnik nosozlik — pompaj sababli ortga qaytgan. Uchuvchilar parvoz davomida dvigatel quvvatini oshirishga besamar urinib ko‘rishgan, so‘ngra kutish hududida bir nechta aylanma parvozni amalga oshirgach, samolyot Samarqand aeroportiga xavfsiz qo‘ndirilgan.

Farg‘ona aeroportida esa S7 Airlines’ning Boeing 737-800 samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagida qolib ketgan. Qo‘nishdan keyin harakatlanayotganda samolyotning o‘ng asosiy shassi g‘ildiragi chiqib ketgan. Ekipaj zudlik bilan samolyotni to‘xtatgan va muhandislarni chaqirgan.

Yo‘lovchilar evakuatsiya qilinib, yuklari bilan birga terminalga yetkazilgan. Hozirda samolyot parvozdan chetlatilgan va texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid