Xitoy 20 yanvar kuni bortiga beshta sun’iy yo‘ldosh ortilgan Ceres-1 tashuvchi raketasini uchirdi, deb xabar beradi «Sinxua» agentligi.
Qayd etilishicha, tashuvchi raketa Pekin vaqti bilan soat 18:11 da mamlakat shimoli-g‘arbidagi Tszyutsyuan kosmodromidan start olgan va sun’iy yo‘ldoshlar guruhini orbitaga olib chiqqan.
«Yunyao-1» seriyasiga kiruvchi to‘rtta sun’iy yo‘ldosh global navigatsion tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, bu ularga havo harorati, namlik, atmosfera bosimi, shuningdek, ionosferadagi elektronlar konsentratsiyasi to‘g‘risida ma’lumot to‘plash imkoniyatini taqdim etadi.
JTX-A-05 sun’iy yo‘ldoshiga esa masofaviy zondlash tasvirlarini olish uchun giperspektral kamera o‘rnatilgan — bundan turli sohalarda, jumladan, ekologik monitoring, qishloq xo‘jaligi monitoringi, foydali qazilmalar razvedkasi, o‘rmon xo‘jaligi va shaharlarni rejalashtirishda foydalanish mumkin.
Tashuvchi raketani ishlab chiqqan Galactic Energy tijoriy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ceres-1 allaqachon 16 ta muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, belgilangan orbitaga 63 ta sun’iy yo‘ldoshni olib chiqqan.
Avvalroq Jyeff Bezosning Blue Origin kompaniyasi ilk bor New Glenn og‘ir raketasini orbitaga uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 98 metrli raketa Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnidagi kosmodromdan start olgan. Taxminan 12 daqiqa o‘tgach, raketa sinov parvozining asosiy maqsadi — orbitaga chiqishni amalga oshirgan edi.