Gap Hududiy mudofaa kuchlari sobiq qo‘mondoni, general Yuriy Galushkin, 125-alohida brigada sobiq komandiri, general Artur Gorbenko va 23-alohida mexanizatsiyalashgan brigada 415-o‘qchi batalyon komandiri, polkovnik Ilya Lapin haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, «Anna Kiyevskaya» 155-mexanizatsiyalashgan brigadasi sobiq komandiri, polkovnik Dmitro Ryumshin ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ushbu zobitlar qo‘lga olingani haqida Davlat tergov byurosi 20 yanvar kuni xabar bergan.
Ularning barchasi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon janglarda qatnashib kelayotgandi.
BBC ular nimada ayblanayotgani, zobitlarning o‘zlari nima degani va nima uchun bu ishlar atrofida qizg‘in bahs-munozaralar avj olgani haqida hikoya qilgan.
Gumonlanuvchilar
Yuriy Galushkin — Ukraina qurolli kuchlarining 53 yoshli brigada generali, 2014 yilda aksilterror amaliyot (ATO) boshlanganida havo-desant qo‘shinlarida rahbarlik lavozimida bo‘lgan, Donetsk aeroporti mudofaasini boshqarishda ishtirok etgan. 2019–2021 yillarda mudofaa vazirligi bosh inspeksiyasiga rahbarlik qilgan.
Keng ko‘lamli urushni Galushkin 2022 yilda hududiy mudofaa kuchlari qo‘mondoni sifatida qarshi oladi. U qo‘shinlarning ushbu turini tashkil etish va uni harbiy harakatlarga tayyorlash uchun tayinlangandi. U 2022 yil mayida bu lavozimdan bo‘shatiladi hamda boshqa ishga o‘tkazilgan.
Galushkin — Bogdan Xmelnitskiy ordeni kavaleri.

60 yoshli general Artur Gorbenko ko‘p yillar davomida Chegara xizmatida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan, xususan, Sharqiy va G‘arbiy regional boshqarmalar boshlig‘i bo‘lgan. 2022 yil fevralida urush boshlangach, zaxiradan qaytgan va hududiy mudofaa kuchlarining 125-brigadasini boshqargan, bu bo‘linma Xarkiv yo‘nalishida, Luhansk oblastida hamda Baxmut atrofidagi janglarda qatnashgan.
Polkovnik Ilya Lapin ATO davridan buyon harbiy harakatlarda ishtirok etib, «Zaporijjya» 37-alohida motopiyodalar batalyoni shtabini boshqargan. 2022 yil martida Lapinga Zaporijjya oblastidan yig‘ilgan ko‘ngillilardan 415-o‘qchi batalyonini tuzish va boshqarish topshirig‘i beriladi.
Polkovnik Dmitro Ryumshin ham 2014-2015 yillarda ATO ishtirokchisi bo‘lgan, keng ko‘lamli urush boshlanganida hududiy mudofaa kuchlarining 128-brigadasi 231-alohida batalyonini boshqargan, ikki yil o‘tib «Magura» 47-brigadasi komandiriga aylangan, yana biroz o‘tib «Anna Kiyevskaya» 155- mexanizatsiyalashgan brigadasi boshqaruviga tayinlangan.
Ular nimada gumonlanmoqda?
Galushkin, Gorbenko va Lapin — rossiyaliklarning 2024 yil 10 may kunidagi takroriy bosqini vaqtida Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyatsiz mudofaa ishi figurantlaridir.
O‘shanda Rossiya armiyasi chegarani bir necha joyda kesib o‘tib, Ukraina hududi bo‘ylab 7-10 km masofada ilgarilagan, Vovchansk shahri va Lipsi posyolkasi uchun jang boshlagandi.
Rossiyaliklarning tezlik bilan ilgarilashi faqat dastlabki ikki kunda kuzatiladi, keyin Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi frontning bu uchastkasi qo‘mondonligini o‘zgartirib, zaxira kuchlarni olib keladi hamda Rossiya armiyasi harakatini sekinlashtiradi. Keyingi sakkiz oy davomida Lipsi va Vovchansk atrofidagi front chizig‘i deyarli o‘zgarmadi.

Huquq-tartibot idoralari aybdorlarni Ukraina qurolli kuchlari zobitlari orasidan topib, ular ushbu muvaffaqiyatsizlikka yo‘l qo‘yganini da’vo qilmoqda.
Davlat tergov byurosi Galushkinni hududiy mudofaa kuchlarining 125-brigadasi uchun ongli ravishda uning jangovar imkoniyatlariga mos kelmaydigan mudofaa pozitsiyalarini belgilab berishda ayblamoqda. Go‘yoki unda ushbu pozitsiyalarni mustahkamlash uchun boshqa bo‘linmalar ham bo‘lgan, ammo u bundan foydalanmagan.
«Qo‘mondon yana bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ydi, jumladan, dushmanning asosiy zarba yo‘nalishlarini oxirigacha aniqlamagan, mudofaa amaliyotlariga tayyorgarlik ko‘rish va amalga oshirishni yetarli darajada nazorat qilmagan. U guruh kuch va vositalari bilan o‘z vaqtida manyovrlar amalga oshirmagan, brigada bo‘linmalarini artilleriya va aviatsiya bilan qo‘llab-quvvatlashni tashkil etmagan», — deyiladi Davlat tergov byurosi bayonotida.
125-brigadaning sobiq brigada komandiri general Gorbenko esa «dushmanning imkoniyatlarini yetarlicha baholamaganlikda» va dushman jangovar salohiyati va tahdidlarini kuchaytirishiga «adekvat reaksiya ko‘rsatmaganlik»da ayblangan.
Xususan, brigada komandiri go‘yoki tayanch punktlari va muhandislik to‘siqlarini ishonchli jihozlashni tashkil etmagan, keyin esa «jang maydonidagi asl vaziyatdan xabardor bo‘lmagan».
Polkovnik Ilya Lapinni huquq-tartibot idoralari Strelechya, Krasnoye, Lipsi va Slobojanskoyeda «mudofaa janglari tashkil etmaslik»da va batalyonning 12 nafar harbiy xizmatchisi o‘z pozitsiyalarini ruxsatsiz tark etishiga yo‘l qo‘yishda ayblagan.
«Shuningdek, sobiq kombat brigada komandirining boy berilgan pozitsiyalarni qaytarib olish bo‘yicha buyrug‘ini e’tiborsiz qoldirgan», — deyiladi bayonotda.
Polkovnik Lapin Jinoyat kodeksining 429-moddasi (jang maydonini ruxsatsiz tark etish), general Galushkin va Gorbenko — 425-modda, 4-qismi (xizmatga og‘ir oqibatlarga olib keladigan darajada loqayd munosabatda bo‘lish) bo‘yicha ayblangan.
Ularga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.
Polkovnik Ryumshin esa yaqinda tashkil etilgan «Anna Kiyevskaya» brigadasi bilan bog‘liq mojaro doirasida tergovga tortilgan. Bu bo‘linma 2024 yilda tuzilgan va fransuz hukumati tomonidan jihozlangan va o‘qitilgandi.
Ammo brigada xorijdagi mashg‘ulotlardan Ukrainaga qaytganida u jangovar tayyor holatda emasligi, uning jangchilari orasida yoppasiga dezertirlik holatlari kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. Harbiylarning bir qismi, taxminan 50 nafari Fransiyada ekanidayoq qochib ketgan.

Polkovnik Ryumshin aynan shu epizodda ayblanmoqda. Davlat tergov byurosi uni 155-brigadadagi qo‘l ostidagilar harbiy qismni tashlab ketganidan xabardor bo‘lsa ham, bu haqda huquq-tartibot organlariga xabar bermaslikda gumonlamoqda.
Bundan tashqari, u «shunday qonunbuzarlikka moyil» bo‘lganlarni Fransiyadagi mashg‘ulotlarga olib ketiladigan askarlar ro‘yxatiga qo‘shgan.
«Brigadaning sobiq komandirining xatti-harakatlari bilan bog‘liq ravishda Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa funksiyalarini va ayrim vazifalarni bajarishi shaxsiy tarkib yetarli emasligi tufayli qiyinlashdi. Shuningdek, bu harbiy qismning ham, umuman mudofaa kuchlarining ham obro‘si va nufuziga putur yetkazdi, bo‘linmaning jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini pasaytirdi, Ukraina milliy xavfsizligiga yangi harbiy tahdidlar paydo bo‘lishiga olib keldi», — deyiladi Davlat tergov byurosi xabarida.
Ryumshin 426-moddaning 4-qismi (harbiy mansabdor shaxsning harakatsizligi, harbiy holat sharoitida sodir etilgan va katta miqdorda zarar yetkazgan) bo‘yicha gumonlanmoqda.
Ofitserlarning o‘zi nima deydi?
Hibsga olingan ofitserlarning birortasi aybiga iqror bo‘lmagan.
Polkovnik Ryumshin tegishli idoralarni o‘z brigadasidagi dezertirlik holatlari haqida muntazam ravishda xabardor qilib borganini qayd etgan. Fransiyaga safar borasida esa, u bundan oldinroq 155-brigadaning «asosiy o‘zagi» boshqa harbiy qismlarga o‘tkazilganini aytadi.
«Va Fransiyaga borish uchun biz boridan tanladik, chunki bizga boshqa yangi odamlar berishmadi», — deya Ryumshindan iqtibos keltirgan «Suspіlne».
«Biz normal odamlarni saralashga harakat qildik, hatto piyoda bo‘lmaganlarni ham shu o‘ringa o‘tkazdik, chunki Fransiyaga borish uchun muayyan songa yetkazish kerak edi. Keyinroq kelganlar esa yanada yomonroq edi».
Polkovnik Lapinning himoyachilari u chindan ham «o‘z qo‘l ostidagilarni frontning muayyan uchastkasidan olib ketgani», ammo bu chekinish emas, balki manyovr bo‘lganini aytadi.
«Mening himoyam ostidagi shaxs sud zalida u odamlar hayotini saqlab qolish uchun barchasini yaxshi va to‘g‘ri bajarganini isbotlashga urindi. U hayotini saqlab qolish deb hisoblagani uchun odamlarni jangovar uchastkaning ma’lum qismidan olib ketgan. Bu 2024 yil 10 mayda sodir bo‘lgan. Amalda bu chekinish emas, balki manyovr edi», — deya izohlaydi advokat Yuriy Krivko.

2024 yil yozidayoq general Gorbenko Rossiya Xarkiv oblastiga yorib kirganini izohlay turib, frontning bu uchastkasida mudofaani birgina brigada kuchlari bilan ushlab turib bo‘lmasligini gapirgandi.
«Frontni bunday sharoitda — mudofaa chizig‘ining bir kilometriga atigi bir necha jangchi to‘g‘ri kelganida — ushlab turish jismonan imkonsiz ish. Biz imkon doirasidagi barcha ishni qildik», — deya qayd etgan u.
Brigada generali Galushkinning advokati Mixaylo Velichko BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda Davlat tergov byurosi tergovchilari o‘z himoyasi ostidagi shaxsni iyun oyidayoq guvoh sifatida so‘roq qilishganini aytgan.
Yarim yil o‘tib esa sobiq qo‘mondonning statusi gumonlanuvchiga o‘zgargan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun asos harbiy ekspertiza natijalari ochiqlanishi bo‘lgan, unda go‘yoki qo‘mondonlik Xarkiv oblastidagi mudofaani tashkil etishda «boshqacha» harakat qilishi ham mumkin bo‘lgani aniqlangan.
«Mening himoyam ostidagi shaxs unga berilgan kuch va vositalarni to‘liq ishga solib, Rossiya tajovuzini qaytarishni ta’minlaganidan kelib chiqib, unga qilinayotgan gumon asossiz deb hisoblaydi. Shu bilan birga, qayd etish kerakki, tomonlarning kuchlari teng emasdi va rossiyaliklar 4 ga 1 nisbatida ustun edi», — degan advokat.
Kuchlarning bunday notengligi tufayli general Galushkinning qo‘l ostidagilar Xarkiv oblastidagi marralarni uzoq vaqt ushlab turishi «jismonan imkonsiz» bo‘lgan, deb hisoblaydi himoya.
Kiyevning Pechersk rayon sudi 21 yanvar kuni polkovnik Lapin va general Galushkinni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan, general keyingi kuni 5 mln grivna miqdoridagi garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
Bir kun o‘tib sud general Gorbenkoni 25 mln grivna, polkovnik Ryumshinni — 90 mln grivna miqdoridagi garov puli sharti bilan hibsga oldi.
Bundan tashqari, general Galushkin tergov izolyatoridan chiqishi bilan yana Davlat tergov byurosi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ular unga 429-modda 5-qismi (jang maydonini o‘zboshimchalik bilan tark etish yoki qurol qo‘llashdan bosh tortishga ko‘maklashish) bo‘yicha yangi gumon qo‘yishgan.
Ko‘tarilgan shov-shuv
Jangovar ofitserlar ushlanib, hibsga olinishi ukrain jamiyatida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Amaldagi harbiylar, jurnalistlar, ekspertlar va siyosatchilar bu ish bo‘yicha ochiq bayonotlar bildirishdi.
Hududiy mudofaa kuchlarining 125-brigadasi o‘z generali Gorbenkoni qo‘llab-quvvatlab bayonot berdi (keyinroq o‘chirilgan). Unda brigada komandiri boshchiligidagi bo‘linma Xarkiv oblastidagi «chegaraning ulkan uchastkasi»da odamlar, o‘q-dorilar va ta’minot yetishmovchiligi sharoitida jang olib borgani aytiladi.
«Biz adolatga ishonamiz. Biz sudda Xarkiv oblastidagi asl haqiqatni ayta olishimizga ishonamiz», — deyilgan xabarda.
Dmitro Ryumshin bo‘yicha shu kabi bayonot Ukraina qurolli kuchlarining 231-alohida batalyoni tomonidan ham tarqatildi. Unda polkovnik «o‘ta talabchan, intizomli va tajribali komandir» sifatida ta’riflanadi.
«Uning qat’iyati va professionalligi bizning batalyonga frontning eng qaynoq nuqtalarida ko‘plab murakkab vazifalarni bajarishga imkon berdi», — deyiladi bayonotda.

Sobiq harbiy, hozirda patrul politsiyasi bo‘limi boshlig‘i Yevgeniy Jukov (chaqiruv belgisi «Marshal») va Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasining sobiq boshlig‘i, Ukraina qurolli kuchlarining amaldagi ofitseri Maksim Grishchuk ijtimoiy tarmoqlarga general Yuriy Galushkinning mashhur suratini joylashtirdi.
Unda o‘sha vaqtda desant qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari bo‘lgan ushbu harbiy 2014 yil Donetsk aeroporti atrofidagi janglar chog‘ida yarador harbiyni orqalab ketayotgani aks etgan.
Aeroport uchun janglarda ishtirok etgan Jukov va Grishchuk general Galushkinni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ukraina qurolli kuchlari ko‘ngillisi va harbiy xizmatchisi Yuriy Kasyanov hisoblashicha, fuqarolik sudlari harbiy rahbariyat harakatlari bo‘yicha ishni ko‘rmasligi kerak.
«Ofitserlar nimadadir aybdor yoki aybdor emasligidan (aybdorligi aniq - urushda farishtadek oq bo‘lish ilojsiz) qat’i nazar, ularning harakatlarini urush davri qonunlari bo‘yicha vakolatli odamlar ko‘rib chiqishi va ularga baho berishi kerak», — deya qayd etadi u.
Bosh qo‘mondon Oleksandr Sirskiy va Ukrainaning siyosiy rahbariyati ofitserlar qo‘lga olingani yuzasidan munosabat bildirmagan.