Eron prezidenti Kremlda muzokaralarga kech qolgan Putinni kutishdan bosh tortgan
Mas’ud Pizishkiyon 17 yanvar kuni Rossiyaga tashrifi davomida o‘z delegatsiyasi bilan Kremlga vaqtida yetib borgan. Ammo RF prezidenti Vladimir Putin hali uchrashuvga tayyor emasligini aytishganida, u mehmonxonaga ketishga qaror qilgan.

Foto: Kommersant’
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon 17 yanvar kuni Moskvaga tashrifi chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni kutishdan bosh tortdi. Bu haqda Iran International xabar berdi.
Pizishkiyon o‘zi boshchiligidagi delegatsiya bilan Kremlga vaqtida yetib kelgan, ammo unga Putin uchrashuvga hali tayyor emasligi aytilgan. Eron yetakchisi zalda kutib o‘tirish o‘rniga mehmonxonaga ketishga qaror qilgan. Keyinroq u qariyb 1 soatga kechikkan muzokaralar uchun Kremlga qaytgan.
Tashrif doirasida Eron va Rossiya strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Hujjat doirasida mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mustahkamlanadi, ammo unda harbiy majburiyatlar belgilanmagan. Putinning ta’kidlashicha, mazkur shartnoma shu jihatdan Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi kelishuvdan farq qiladi.
Putinning muhim uchrashuvlarga kech qolishi odatga aylangan. Masalan, Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel shu kabi holatga ikki marta duch kelgan — 2014 yil oktyabrdagi uchrashuvga RF yetakchisi olti soat kechikkan. Putin 2012 yili Yaltada Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichni uch soat kuttirgan. Yaponiya, Mo‘g‘uliston va Isroil yetakchilari ham uni bir necha soat kutishga majbur bo‘lgan. 2012 yilda AQSh prezidenti Barak Obama Putin 40 daqiqaga ushlanib qolgani uchun o‘z rejalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelgan. Putin hatto Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II hamda Rim papasi bilan uchrashuvlarga ham kech qolgan. U 2018 yilda Donald Tramp bilan uchrashuvga ham vaqtida kelmagan. Ammo Tramp buni oldindan bilgandek yanada kechroq kelgan va Putinning o‘zini 20 daqiqa kutishga majbur qilgan.
Rossiya prezidentining kech qolishining bir nechta versiyalari bor. Ta’kidlanishicha, shu orqali Putin muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ladi, shuningdek, u suhbatdoshini chalg‘itishga va muzokaralarda ustuvorlikka erishishga urinadi. Yana bir versiyaga ko‘ra, Putinning kech qolishida hech qanday yashirin ma’no yo‘q — u shunchaki kechikadi.
Mavzuga oid

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

21:46 / 07.03.2025
Putin Ukrainada ba’zi shartlarda o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor – Bloomberg

21:32 / 06.03.2025
Putin: Rossiya Ukrainadagi vaziyatda hech kimga yon bosmoqchi emas

22:17 / 05.03.2025