Putinga politsiya xodimlari ommaviy ravishda xizmatdan bo‘shatilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi
Rossiya IIV tizimida kadrlar yetishmovchiligi 172 ming kishini tashkil etmoqda. Putin kadrlar muammosi va politsiyachilarning pul ta’minoti masalasini hal etishni buyurdi.

Foto: kremlin.ru
Rossiyada tarjibali politsiya xodimlarining yarmi 2024 yil davomida xizmatdan ketdi. Bu haqda IIV rahbari Vladimir Kolokolsev prezident Putin ishtirokida o‘tkazilgan idoraning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili o‘z xodimlariga ta’til bermagan bo‘lim boshliqlari ham xizmatdan bo‘shatilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu «kollektivlar ichidagi keskinlikning kuchayishiga olib kelgan».
Kolokotsevning ta’kidlashicha, IIV tizimida kadrlar yetishmovchiligi 172 ming kishini tashkil etadi. Vazir taqdimotida keltirilishicha, jinoyat qidiruv tizimida attestatsiyadan o‘tgan kadrlar yetishmovchiligi 23,9 foizni, patrul-post xizmatida — 31,4 foizni, giyohvand moddalar nazorati bo‘linmalarida — 24,7 foizni, dastlabki tergov organlarida esa 22,7 foizni tashkil etmoqda.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Vladimir Putin IIV xodimlarining pul ta’minotini oshirish masalasini hal etish va uni «raqobatbardosh» darajaga chiqarishni buyurdi. Rossiya prezidenti IIV tizimida kadrlar muammosi kuchayib borayotgani va uni «barcha yo‘nalishlarda» hal etish kerakligini, jumladan, politsiyachilarni uy-joy bilan ta’minlash lozimligini ta’kidladi.
O‘tgan yilning noyabrida IIV rasmiy vakili Irina Volk idoraga 173,8 ming xodim yetishmayotganini ma’lum qilgandi. Yoz oxirlarida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Kubishko ayrim tuman bo‘limlarida 12 nafar tezkor xodim o‘rniga to‘rt kishi, sakkiz nafar tergovchi o‘rniga ikki xodim ishlayotganini ma’lum qilgandi.
IIV tizimidan xodimlar ommaviy ravishda bo‘shatilayotganiga qaramay, Rossiya aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan politsiyachilar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi. 2024 yilda har 100 ming rossiyalikka 643 nafar IIV xodimi to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun: Xitoy, Hindiston va AQShda ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 120, 128 va 256 nafarni tashkil etadi. Yevropa Ittifoqida 2019 yildan 2021 yilga qadar har 100 ming aholiga 335,3 nafar politsiyachi to‘g‘ri kelgan. Putinning farmoniga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi shtati 2025 yilda 938 mingni tashkil etishi kerak.
Mavzuga oid

18:48 / 08.03.2025
Suriyada notinchlik – ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning ommaviy qirg‘ini videolari tarqaldi

08:20 / 08.03.2025
Reuters: AQSh Rossiya neft va gaziga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi mumkin

01:44 / 08.03.2025
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida

21:46 / 07.03.2025