Borrel BMTning Livandagi missiyasi kuchaytirilishini istisno etmadi

Jahon 08:31 / 21.10.2024 857

Falastinning Hamas harakati yetakchisi Yahyo Sinvarning G‘azo sektorida isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirilishi Yaqin Sharq mintaqasida o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatlarini oshirishi mumkin. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 19 oktyabr, shanba kuni Neapolda «katta yettilik» mudofaa vazirlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

«Sinvarning o‘ldirilishidan so‘ng yangi istiqbol ochildi va biz undan o‘t ochishni to‘xtatishga erishish, qolgan (isroillik) garovga olinganlarni ozod qilish va siyosiy istiqbolni topish uchun foydalanishimiz kerak», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Yevropa diplomatiyasi rahbari UNIFIL tinchlikparvarlik missiyasi BMT Xavfsizlik Kengashi qarori bilan kengaytirilishi mumkin, deb hisoblaydi.

Nemis harbiy kemasi Livan qirg‘oqlari yaqinida dronni urib tushirdi

17 oktyabr kuni soat 7.00 lar atrofida BMTning UNIFIL qo‘shinlari tarkibida Livan qirg‘oqlari yaqinida joylashgan Germaniyaning Ludwigshafen am Rhein korveti yaqinlashib kelgan dronni qaytardi. Bu haqda dpa agentligi Bundesver qo‘mondonligi vakili ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Dron mojaro ishtirokchilaridan birortasiga tegishli ekanligi ma’lum qilinmagan, biroq uning qismlari allaqachon dengizda topilgan va hozirda Germaniya harbiylari tomonidan tekshirilmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparati Naqurahdan (Livan janubidagi kichik shahar, 1978 yildan buyon u yerda BMT kuchlari joylashgan) shimoli-g‘arbda foydalanilgan va qirg‘oqdan ancha uzoqda bo‘lgan holda kemaga yaqinlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: