Kapitoliydagi marosimda dastlab Trampning vitse-prezidenti Jyey Di Vens, keyin esa — Donald Trampning o‘zi qasamyod qildi.
Trampning inauguratsiyasi odatdagi kabi Kapitoliy atrofida emas, ichkari qismida tashkillashtirildi. Bunga hududdagi sovuq ob-havo sabab bo‘lgan (inauguratsiya joyi o‘zgargani haqida saylangan prezident uch kun oldin e’lon qilgandi).
Marosimga borishdan oldin Tramp va uning rafiqasi Melaniya Oq uyni tark etayotgan Jo Bayden mehmoni bo‘lib, uning oilasi bilan choyxo‘rlik qildi — bu prezidentlar almashuvi vaqtidagi an’ana hisoblanadi (ammo Trampning o‘zi Bayden 2021 yilda prezidentlikka saylanganida uning inauguratsiyasiga bormagan va choyxo‘rlik ham bo‘lmagandi).
Inauguratsiya marosimidan oldinroq RF prezidenti Vladimir Putin Trampni lavozimga kirishishi munosabati bilan tabriklab, u bilan muloqotga tayyorligini ma’lum qildi. «Biz AQShning qayta saylangan prezidenti va uning jamoasining Rossiya bilan uzilgan aloqalarni tiklash haqidagi bayonotlarini ko‘rmoqdamiz <…> Shuningdek, uchinchi jahon urushiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha ishni qilish zarurati to‘g‘risidagi bayonotlarni ham eshityapmiz. Biz, shuningdek, yangi administratsiya bilan Ukraina mojarosi bo‘yicha muloqotga ochiqmiz. Eng muhimi — biz bir necha bor gapirgan inqirozning birlamchi sabablarini bartaraf etish. Kelishuvning maqsadi qisqa muddatli sulh emas, balki mintaqada yashovchi barcha odamlar, barcha xalqlarning qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlagan Putin.