Mask AQSh prezidentlik sayloviga qadar kuniga 1 mln dollarlik lotereyani e’lon qildi

Jahon 19:13 / 20.10.2024 5302

Tesla va SpaceX asoschisi va rahbari Ilon Mask AQSh prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadigan 5 noyabrgacha, Konstitutsiyaning birinchi va ikkinchi tuzatishlarini himoya qilish uchun onlayn petitsiyani imzolaganlarga 1 million dollar va’da berdi. Pul petitsiyani imzolaganlar orasida har kuni o‘ynaladi, deb xabar berdi The Hill. 

Mask bu haqda Pensilvaniyada Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash yig‘ilishida ma’lum qildi, so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan maqsad – petitsiyaga e’tiborni qaratish. Hujjat Trampning saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan America PAC (siyosiy faollik qo‘mitasi) tomonidan e’lon qilingan. Mukofotlarni ham shu qo‘mita topshiradi.

«Biz «ikkilanib turgan» shtatlardagi hamma petitsiya haqida eshitishiga ishonch hosil qilishni istaymiz va aksiya buni ta’minlaydi deb o‘ylayman», deb yozdi Mask va birinchi g‘oliblar nomini ham e’lon qildi.

AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi va ikkinchi tuzatishlar mos ravishda so‘z erkinligi va qurol olib yurish huquqini kafolatlaydi.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, ovoz berish uchun pul to‘lash yoki ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tishga pul to‘lash jinoyat hisoblanadi. Biroq, saylovchilarga petitsiyani imzolash uchun pul to‘lash noqonuniy emas.

Uchinchi chorakda Mask (dunyoning eng boy odami, Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 247,4 milliard dollar) America PAC qo‘mitasiga 75 million dollar xayriya qildi. Tadbirkor azaldan Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlab keladi.

America PAC Trampning saylovoldi kampaniyasi bilan bevosita bog‘liq emas, lekin «ikkilanayotgan» shtatlarda saylovchilarni jalb qilish harakatlari uchun pul to‘laydi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Trampni moliyaviy jihatdan kamida 49 milliarder qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha ularning eng saxiysi tadbirkor Timoti Mellon (bankir Endryu Mellonning vorisi, boyligi 14,1 milliard dollar) 126 mln dollar xayriya qilgan.

Harrisga 75 nafardan ortiq amerikalik milliarder homiylik qilmoqda. Ular orasida Nyu-York shahrining sobiq meri Maykl Blumberg va kinorejissyor Stiven Spilberg bor — har biri Harrisga kamida 1 million dollar xayriya qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: