Eron o‘ziga hujum bo‘lgan taqdirda Isroildagi nishonlarini belgilab oldi

Jahon 23:09 / 20.10.2024 11060

Agar Isroil Eronga hujum qilsa, Eron qo‘mondonligi javob tariqasida Isroildagi hujum qilinadigan nishonlarni belgilab oldi. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy ma’lum qildi.

«Eronga qilingan har qanday hujum «qizil chiziqni» kesib o‘tish hisoblanadi, biz buni javobsiz qoldirmaymiz. Eronning yadroviy inshootlariga qilingan har qanday hujumga yoki shunga o‘xshash har qanday zarbaga munosib javob qaytaramiz», deb vazir so‘zlaridan iqtibos keltirdi Press TV.

«Biz endi Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan yerlardagi barcha nishonlarimizni aniqladik va ularga qarshi ham xuddi shunday hujumni amalga oshiramiz», dedi Aroqchiy.

U AQShni tanqid qilib, uning yordamisiz Isroil G‘azo sektori va Livanda jang qila olmasligini aytdi. «Agar amerikaliklar haqiqatdan ham siyosiy iroda ko‘rsatsa, ular Isroilni to‘xtatib, hujumlarga barham berishi mumkin edi», deb qo‘shimcha qildi vazir.

«Agar mintaqada keng ko‘lamli urush boshlansa, AQSh unga jalb qilinadi, Eron buni istamaydi», dedi Aroqchiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro Fors ko‘rfazi davlatlarini qamrab olishi mumkin, lekin buni diplomatik kelishuv bilan hal qilish uchun hali ham imkoniyat bor.

1 oktyabr kuni Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilga ko‘p sonli raketalar bilan zarba berdi. Isroil harbiylari hujumga o‘rinli paytda javob bo‘lishini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: