Turkiy davlatlar transplantatsiya bo‘yicha yagona axborot tizimini yaratadi

Jahon 20:42 / 09.10.2024 991

Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari TÜRKTRANSPLANT yagona axborot tizimini yaratish niyatida bayonnoma imzoladilar. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Qayd qilinishicha, hujjat Ozarboyjonning Shusha shahrida Turkiyzabon davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi doirasida imzolangan.

Bayonnomaning maqsadi TDT a’zo davlatlari o‘rtasida organ donorligi va transplantatsiyasi jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi yagona axborot tizimini yaratishdan iborat.

TÜRKTRANSPLANT tizimi donorlar va retsipiyentlar haqida ma’lumot almashishni ta’minlaydi, organ transplantatsiyasini tashkil qilishni soddalashtiradi va ishtirokchi mamlakatlarga donorlik va transplantatsiya bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilish imkonini beradi.

Bayonnomada, shuningdek, diagnostika usullarini standartlashtirish, transplantatsiya markazlari va operatsiyalarini tashkil etish, shuningdek, tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Asosiy maqsadlar qatoriga TDT davlatlarida organ transplantatsiyasi bo‘yicha yagona qonunchilikni ishlab chiqish va o‘zaro hamkorlik asosida ishtirokchi davlatlar uchun mavjud bo‘lgan donor organlar zaxirasini yaratish kiradi.

TÜRKTRANSPLANT tizimining yaratilishi nafaqat transplantatsiya sohasida muvofiqlashtirishni kuchaytiradi, balki bemorlar uchun mavjud bo‘lgan donor organlar sonini sezilarli darajada oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: