Turkish Airlines uchuvchisi parvoz vaqtida vafot etdi

Jahon 23:08 / 09.10.2024 7665

Turkish Airlines aviakompaniyasining uchuvchisi parvoz vaqtida vafot etdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Qayd etilishicha, samolyot 8 oktyabr kuni soat 19:00 larda Sietldan havoga ko‘tarilgan. Parvoz vaqtida 59 yoshli Ilchexin Pexlivan hushini yo‘qotgan, shundan keyin ekipaj unga tibbiy yordam ko‘rsatishga uringan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Shunda ikkinchi uchuvchi Nyu-Yorkda joylashgan Jon Kennedi nomidagi aeroportda favqulodda qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan. Yo‘lovchilar Istanbulga boshqa reys bilan jo‘natib yuborilgan.

Aviakompaniyadagilarning ma’lum qilishicha, Pexlivan muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelgan, ammo shifokorlar uning sog‘lig‘ida biror muammo borligini aniqlamagan. Uchuvchi oxirgi marta tibbiy ko‘rikdan joriy yilning mart oyida o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilda Moskvaning Domodedovo aeroportidan havoga ko‘tarilish vaqtida hushini yo‘qotgan, Germaniya aviatsiyasi samolyoti ekipaji sardori vafot etgandi. 2017 yilda esa Abu-Dabi shahridan Amsterdamga parvozni amalga oshirish vaqtida BAAning Etihad Airways aviakompaniyasi uchuvchisi vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: