Jahon | 09:51 / 26.02.2025
17401
10 daqiqa o‘qiladi

Mashhur uchuvchi hayotida sodir bo‘lgan ayanchli hodisa - jinoyatchilar uning o‘g‘lini nega o‘ldirgandi?

1927 yilda fuqaro aviatsiyasi tarixida muhim ish sodir bo‘ladi. Amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg Nyu York-Parij yo‘nalishida parvoz qilib Atlantika okeanining tepasidan uchib o‘tadi. Oradan 5 yil o‘tgach jinoyatchi uning hali 2 yoshga to‘lmagan o‘g‘lini o‘g‘irlab, pul talab qiladi. Aytilgan mablag‘ berilganiga qaramasdan bola qaytarilmaydi va keyinroq uning jasadi topiladi.

Aviatsiya tarixi 1896 yilda aka-uka Uilber va Orvil Raytlar dunyodagi birinchi samolyotda parvoz qilgan kundan boshlansa, fuqaro aviatsiyasi tarixi 1914 yil 12 fevraldan boshlanadi. O‘sha kuni Igor Sikorskiy tomonidan yasab chiqilgan “Ilya Muromets” samolyoti 16 kishi bilan parvoz qilgandi.

Shundan so‘ng aviatsiya tarmog‘i tezkorlik bilan rivojlanib boradi va 1927 yilda amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg Nyu York-Parij yo‘nalishida Atlantika okeani tepasidan bir o‘zi uchib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi.

Lindberg 5 800 km masofani 20 soat 21 daqiqada uchib o‘tadi va Parijdagi Le Burj aeroportiga qo‘nadi. Muvaffaqiyatli parvozdan so‘ng uchuvchi juda mashhur bo‘lib ketadi. Unga “Parvozdagi xizmatlari uchun” va Xalqaro aeronavtika federatsiyasining oltin medallari beriladi.

Foto: globalspec.com

1927 yilda Charlz AQSh hukumatining iltimosi bilan Lotin Amerikasi bo‘ylab parvoz qiladi. O‘shanda u Meksikada qo‘nganida Charlzni AQShning shu davlatdagi elchisi oilasi bilan kutib oladi. Charlz bo‘lajak xotini Enn Morrou bilan shu yerda tanishadi. Enn elchining qizi edi.

1929 yilda Charlz Ennga uylanadi. So‘ng u xotiniga samolyot boshqarishni o‘rgatadi va er-xotin dunyo bo‘ylab sayohat qilishadi. Qisqasi, shon-sharafga burkangan Charlz hayotidan mamnun edi.

1930 yil yozda Charlz va Enn o‘g‘il farzand ko‘rishadi va unga Charlz deb ism qo‘yishadi. Kichik Charlz Lindberg sog‘ligida muammolar bilan tug‘ilgandi. Ko‘p o‘tmay Charlzning hayotida noxush ish sodir bo‘ladi va oqibatda u o‘g‘lidan ayriladi.

Kichik Charlz Lindbergning yo‘qolishi

1932 yil 1 mart kuni tunda noma’lum shaxs Charlz Lindbergning Nyu Jyersi shtatidagi Ist-Emvill shaharchasida joylashgan uyidan shaxs Kichik Charlz Lindbergni o‘g‘irlab ketadi.

Foto: stock.adobe.com

Jinoyatchi bolani olib ketish chog‘ida xat qoldirgan va unda Kichik Charlzni qaytarish evaziga 50 ming dollar talab qilgandi.

Shtat politsiyasi, FBR xodimlari oyoqqa turadi, biroq bolani ham, jinoyatchini ham topib bo‘lmaydi. Oradan bir oy o‘tgach jinoyatchi aytgan joyga 50 ming dollar yetkaziladi. Jinoyatchi pulni 2 aprel kuni oladi, biroq u bolani qaytarmaydi.

1932 yil 12 may kuni Charlz Lindergning uyidan bir necha kilometr naridan bolaning o‘ligi topiladi. Jasad ekspertizadan o‘tkazilganda Kichik Charlz Lindberg o‘g‘irlangandan so‘ng bir necha soat o‘tgach o‘ldirilgani ma’lum bo‘ladi. Ya’ni jinoyatchi pulni olgan vaqtda bola hayot emasdi.

Tibbiy ekspertizada Kichik Charlz orqa miya lat yeyishi oqibatida halok bo‘lgani oydinlashadi. Keyinchalik jinoyatchi uni zinadan itarib yuborgani va hali ikki yoshga to‘lmagan Kichik Charlz jarohatlanib vafot etgani aniqlanadi.

Foto: alamy.com

O‘shanda bolani o‘g‘irlab, o‘ldirgan jinoyatchi topilmaydi. Unga berilgan 50 ming dollar oltin sertifikat ko‘rinishida bo‘ladi va politsiya ularning barchasidagi raqamlarni qayd qilib qo‘yadi.

Politsiya va FBR xodimlari jinoyatchi olgan pullarini ishlatishini kutishadi. Biroq ikki yilcha jinoyatchi olgan pullar hech qayerda ishlatilmaydi.

Jinoyatchining topilishi

1934 yil sentabr oyida Nyu Yorkdagi banklarning biriga jinoyatchiga berilgan dollarlardan bir qanchasi kelib tushadi. Surishtiruvlarda noma’lum kimsa ularni benzin sotib olish uchun ishlatgani aniqlanadi.

Politsiya qidiruvni kuchaytiradi va jinoyatchining izini topishga muvaffaq bo‘ladi. Pullarni duradgorlik bilan shug‘ullanuvchi, germaniyalik muhojir Bruno Rixard Gauptman degan shaxs berib ketgani aniqlanadi.

Foto: alamy.com

Brunoni darhol topib hibsga olishadi. Biroq u bolani o‘g‘irlaganini va o‘ldirganini tan olmaydi. Shundan so‘ng u yashab kelgan uyda tintuv o‘tkaziladi. Brunoning uyidan bolani qutqarish uchun berilgan pullardan yana qariyb 14 ming dollar topiladi.

Charlz Lindbergning uyida jinoyatchi tomonidan qoldirilgan xat bilan Bruno yozuvlari solishtirib ko‘rilganda, ularni bir kishi yozgani ma’lum bo‘ladi. Millati nemis bo‘lgan Bruno Charlzning uyida qoldirgani xatida ham, uyidan topilgan boshqa yozuvlarda ham birday xatolar qilgandi.

Shuningdek, Bruno yashab turgan uy tekshirib ko‘rilganda uning chordog‘ida yog‘och zinapoya borligi va Kichik Charlz o‘shandan dumalab ketgani aniqlanadi. Shundan so‘ng Brunoga nisbatan ayblov e’lon qilinadi.

1935 yil 13 fevral kuni o‘tkazilgan so‘nggi sud majlisida Bruno ongli ravishda Kichik Charlzni o‘g‘irlagan va uni o‘ldirgan deb topiladi. Sudya unga o‘lim jazosi beradi. Brunoning advokatlari bir necha marta apellyatsiya berishadi, biroq ular rad etiladi.

1936 yil 3 aprel kuni Nyu Jyersida elektr stul yordamida qatl ijro etiladi. Bruno oxirigacha bolani o‘g‘irlamagani va o‘ldirmaganini ta’kidlaydi.

Lindbergning o‘zi ham gumonda

Keyinchalik Kichik Charlz Lindbergni Bruno emas, boshqalar o‘ldirgani haqida bir qancha mish-mishlar chiqadi. Ularning biriga ko‘ra, bolani o‘g‘irlashni Charlz Lindbergning akasidan o‘ch olishga qaror qilgan mahalliy bankirlar uyushtirgan.

Foto: alamy.com

Charlzning akasi Federal zaxira banki tuzilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatgan shaxslardan biri bo‘lgan. Shu sababli bankirlar Charlzning akasini juda yomon ko‘rishgan.

Ikkinchi mish-mishga ko‘ra, Kichik Charlz nogiron tug‘ilgani uchun Charlz Lindberg undan qutulishni xohlagan va odam yollab bu ishni amalga oshirgan.

Yuqoridagi mish-mishlarda hech qanday asos bo‘lmagan va hatto politsiya ham jinoyatchini qidirayotganda ularga e’tibor qaratmagan.

Kichik Charlz Lindbergning o‘ldirilishi AQShda ikkita muhim qonun qabul qilinishiga sabab bo‘ladi. “Charlz Lindberg qonuni” deb atalgan bu qonunga ko‘ra odam o‘g‘irlashning har qanday turi federal jinoyat sirasiga kiritiladi. O‘shangacha u mahalliy jinoyat turiga kirgan.

Ikkinchi qonun sud jarayonida fotoapparatlarning ishlatilishini bilan bog‘liq edi. Kichik Charlz Lindbergning qotili sud qilinayotganda ayrim fotograflar o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishadi. Shunda sud majlislarida fotoapparatlardan foydalanish taqiqlanadi.

AQShda sud majlislari reportyor-rassom tomonidan shu tarzda chizilib, tasvirlanadi
Foto: courtartist.com

O‘shandan keyin AQShdagi sudlarda jarayonni reportyor-rassom suratga chizish orqali tasvirlashi qayta tiklanadi. Hozir ham Amerikada jinoiy ishlar ko‘riladigan sud majlislarida foto, video uskunalar ishlatish mumkin emas. Faqat reportyor-rassom jarayonni suratlarga chizib tasvirlashi va yoritishi mumkin.

Charlz Lindbergning keyingi hayoti

Kichik Charlz Linberg uchuvchining to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan. U vafot etgandan so‘ng Charlz va Enn yana 5 nafar farzand ko‘rishadi.

Jon Lindberg 1932 yilda, Lend Lidnberg 1937 yilda, Enn Lindberg 1940 yilda, Skot Lindberg 1942 yilda va Riv Lindberg 1945 yilda tug‘ilgan. Lindberg juda mashhur odam bo‘lgani uchun uning hayoti ko‘proq safarlarda o‘tadi. Shu sababli u bolalarini juda kam ko‘radi. Shuningdek, uchuvchining turli ayollardan yana yetti farzandi bo‘lgan.

Foto: reminisce.com

Charlz Lindberg 1930-yillarning ikkinchi yarmida Fransiya, Germaniya hamda SSSRga keladi va bu mamlakatlarning aviatsiya sanoati bilan tanishadi. Ana shunda nemis generali Herman Gering uni orden bilan mukofotlaydi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach Charlz AQShning unda qatnashishiga qarshi chiqadi. Bu prezident Franklin Ruzveltga yoqmaydi va u uchuvchini harbiy xizmatdan chetlatadi. Faqat 1944 yilga borib u AQSh harbiy aviatsiyasida maslahatchi bo‘lib ishga kiradi.

Urushdan keyin Charlz AQSh harbiy-havo kuchlarida maslahatchi bo‘lib ishlaydi. Prezident Eyzenxauer unga general unvonini beradi.

Charlz Lindberg xotini Enn va prezident Jon Kennedi bilan
Foto: alamy.com

Ko‘p o‘tmay Pan American World Airways aviakompaniyasi Charlzni maslahatchi sifatida ishga oladi va u Boeing 747 samolyotining dizaynini tayyorlashda qatnashadi. Charlz Lindberg 1970-yillar boshlarida saraton kasaliga chalinadi va 1974 yil 26 avgust kuni 72 yoshida vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid