“Boshqaruvdan chiqqan samolyotni nazoratga olish o‘ta qiyin ish” – uchuvchi bilan suhbat

O‘zbekiston 20:43 3478

Kun.uz qariyb 20 yildan beri uchuvchi bo‘lib ishlayotgan Ulug‘bek Mavlonov bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, aviatsiya insonlar uzog‘ini yaqin qildi, transportlar ichida eng xavfsizi ham – samolyot. Oxirgi paytda dunyo osmonida aviahalokatlar keskin ko‘paydi degan fikrga esa uchuvchi qo‘shilmaydi. Suhbatda Ozarboyjon samolyotining Aqtaudagi halokati, uchuvchi bo‘lishning xavfli tomonlari va qiyinchiliklari, havo kemasining qanday harakatlanishi-yu, favqulodda holatlardagi yechimlar haqida so‘z boradi.

Ulug‘bek Mavlonov 2006 yildan beri “Uzbekistan Airways” AJda uchuvchi bo‘lib ishlar ekan, hozirgacha 8 ming soatdan ko‘proq uchgan. U asosan Nyu York, Seul, Mosvka, Pekin, Dubay, Jakarta kabi shaharlarga parvoz qiladi. Mavlonovning so‘zlariga ko‘ra, u bu kasb egasi bo‘lishni bog‘cha yoshidan istagan, uchuvchilikdan boshqa kasb egasi bo‘lishni xayoliga ham keltirmagan. “Sankt-Peterburgda o‘qishni tamomlagach, 2006 yildan boshlab odam tashiy boshladim. O‘sha paytda kichkina «AN-24» rusumli samolyot bo‘lardi, xavfsiz, lekin shovqini baland va eskirgan edi”, deydi uchuvchi.

Dunyo osmoni nega notinch?

2024 yilning oxiri, 2025 yilning birinchi oyi aviahalokatlarga boy bo‘ldi. Ketma-ket aynan yo‘lovchi tashish samolyotlari ayanchli avariyalarga uchradi, yuzlab insonlar halok bo‘ldi. Masalan, Aqtauga qulagan Ozarboyjon samolyoti yoki to‘siqqa urilib yonib ketgan Koreyadagi samolyot – ko‘pchilikning ta’bini xira qildi. Bundan tashqari, Yevropa, AQShda ham qator aviahalokatlar yuz berdiki, natijada aviatsiya xizmatlaridan qo‘rqadiganlar soni ko‘paydi. Xo‘sh, aslida avval ham shunday ko‘plab halokatli voqealar yuz berganmidi yoki bu media yuzini ko‘rmaganmi? Ulug‘bek Mavlonov aviahalokatlar birdan ko‘paygan, degan fikrga qo‘shilmaydi.

“Hozir media rivojlandi, ular tez ishlayapti. Avvallari ham bunday voqealar yuz bergan, statistika transport vositalari ichida eng xavfsizi samolyot ekanini isbotlaydi. Lekin OAVda xabarlar juda tez tarqalmoqda, to‘g‘riligini tekshirmasdan ham berib yuborishadi. Aslida hammasi o‘sha-o‘sha”, - deydi uchuvchi.

Oxirgi 20 yilda aviatsiya qanday o‘zgardi?

Ulug‘bek Mavlonovga ko‘ra, oxirgi 20 yilda aviatsiya sohasi takomillashdi, samolyotlar ancha qulay, zamonaviy va xavfsiz bo‘ldi. Chunki oldinlari halokatlarda inson ishtiroki ko‘p edi, ya’ni aksariyat hollarda ekipaj a’zolari yoki uchuvchi aybdor bo‘lardi. Lekin hozir havo transporti avtomatlashtirildi, zamonaviylashdi. Avvalgilariga qaraganda hozirgi samolyotlarni boshqarish ham ancha osonlashgan, deydi uchuvchi.

Har gal uchishdan avval ikki uchuvchi qisqa brifing o‘tkazib, parvoz haqidagi to‘liq ma’lumotlar, xarita, ob-havo ma’lumotlari bilan tanishadi. Texnik ko‘rikdan o‘tgan havo kemasini muhandislardan qabul qilib olgan uchuvchi samolyotni parvozga tayyorlaydi. Eng uzoq uchgan reysim Moskvadan Meksikaga bo‘lgan. 2018 yilda Rossiyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati havaskorlarini charter reys bilan o‘z uyiga olib borib qo‘yganmiz. Kamida 14 soat uchgandik, bu eng uzoq reysim bo‘lgan, deydi Mavlonov.

Uchuvchi noxush hodisalarga ham tayyor turishi kerak

Yuzlab insonlarning hayotiga javobgarlik ma’lum ma’noda uchuvchining yelkasida bo‘ladi. Suhbatdoshimizning ham faoliyatida turli noxush voqea-hodisalar yuz bergan. Jakartadan kelayotganida xaritada ham ko‘rinmagan turbulentlikka tushib qolgan.

“Gaplashib o‘tirganimizda birdan turbulentlikka tushib qolganmiz, samolyotni 50-100 metrgacha silkitib yuborgan. Dispetcherga ulanishga harakat qilganmiz, lekin u bizni eshitmagan. Keyin esa xavfsizligimiz uchun o‘zimiz pastga tushishga majbur bo‘lganmiz, shundagina vaziyat o‘nglangan. Bu noto‘g‘ri edi, lekin vaziyatdan chiqish uchun shu qarorga kelganmiz”, - deydi uchuvchi.

Yana bir marta esa havo kemasi Moskvadan kelayotganda yoshi kattaroq yo‘lovchining tobi qochgan. Uchuvchi favqulodda qo‘nish uchun dispetcherdan ruxsat so‘ragan, ammo oradan ozgina vaqt o‘tgach, yo‘lovchining joni uzilgan.

Mavlonov Nyu Yorkka uchganini yodga olarkan, qalin yog‘gan qor qo‘nishni kechiktirganini gapirdi. Uchishimizdan avval bu shaharda ob-havo yaxshi va osmon ochiq edi, qo‘nishimizga yaqin esa kuchli qor yog‘di va aeroport yopildi. Bizda yonilg‘i bilan bog‘liq muammo bor edi, shuning uchun dispetcherdan tezroq qo‘nishni so‘radik. Kamida 1 soat kutishimiz kerak edi, lekin dispetcher bizni to‘g‘ri tushunib, navbatlarsiz qabul qildi, deydi u.

Suhbat davomida uchuvchi kasbining qiyin tomonlari sifatida grafik va kun tartibidagi nomuvofiqlikni ko‘rsatdi. Bundan tashqari, insonlar hayotiga javobgarlik mas’uliyati ham bor. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini boshqa kasbda tasavvur qilolmasligini aytadi.

Ozarboyjonning Aqtauga qulagan samolyoti xususida o‘zbek uchuvchisi qanday fikrda?

25 dekabr kuni Ozarboyjonning Aqtauga qulagan samolyoti voqeasini komissiya o‘rganishda davom etmoqda. Rossiya osmonida sodir bo‘lgan hujum oqibatida samolyot zarar ko‘rgani ehtimoli yuqori, aynan nega nisbatan uzoq hudud Aqtauga yo‘naltirilgani esa juda bahsli. “Uzbekistan Airways” AJ uchuvchisi fikricha, komissiya o‘z ishini to‘liq yakunlab, asosiy xulosasini bermaguncha bir nima deyish qiyin.

“Lekin bu samolyot uchuvchisiga juda qiyin bo‘lgan, boshqaruvdan chiqqan havo kemasini nazoratga olish og‘ir vazifa, uni qilib bo‘lmaydi. Uchuvchi suvga qulamasdan, yerga qo‘ndirishga harakat qildi. Natijada esa 28 kishining hayotini saqlab qololdi”, - deydi Ulug‘bek Mavlonov.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: