Turkish Airlines 13 yildan so‘ng Suriyaga parvozlarini qayta tikladi

Jahon 12:13 / 25.01.2025 2051

Istanbul aeroportidan Turkish Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 layneri havoga ko‘tarilib, Damashq xalqaro aeroportiga qo‘ndi. TK846 birinchi reysi Turkiya poytaxtidan Suriya poytaxtiga 349 yo‘lovchi bilan parvoz qildi.

Samolyot bortida bo‘lgan ko‘plab odamlar laynerga chiqishdan oldin va samolyot salonida quvonchli his-tuyg‘ularini yashira olmadi. Yo‘lovchilarning bir qismi qo‘llarida Turkiya va Suriya inqilobi bayroqlari bo‘lgan.

Turk havo yo‘llari rasmiy veb-saytida e’lon qilinganidek, parvozlar haftada 3 marta amalga oshiriladi. Bu seshanba, payshanba va yakshanba kunlari soat 09:00 da Istanbul aeroportidan Damashq xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslardir. Damashq aeroportidan Istanbul aeroportiga qaytish reyslari xuddi shu kunlarda soat 13:00 da amalga oshiriladi.

Suriya poytaxti aeroporti joriy yilning 7 yanvaridan xalqaro reyslarni qayta tiklagan. Bundan tashqari, Suriya havo yo‘llari samolyoti o‘tgan yilning 18 dekabrida Damashq-Halab yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozini amalga oshirgan edi.

Ayni paytda, Turkiya va Suriya o‘rtasidagi aloqalar 2024 yil 8 dekabrda Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng jadal rivojlanmoqda. Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakatining Suriya inqiroziga aralashuvi nafaqat asosli, balki zarur qadam ekanligini yana bir bor ta’kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: