Sud X ijtimoiy tarmog‘iga Braziliyada ishini davom ettirishga ruxsat berdi

Jahon 13:57 / 09.10.2024 1007

Braziliya Federal oliy sudi 8 oktyabr, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘iga mamlakatda faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berdi. Sudya Aleksandr de Moraes qaroriga ko‘ra, milliarder Ilon Maskka tegishli platforma blokni olib tashlash uchun barcha zarur talablarni bajargan.

X kompaniyasi rahbariyati bu qarorni olqishladi. «X Braziliyaga qaytganidan faxrlanadi. O‘n millionlab braziliyaliklarga bizning ajralmas platformamizdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bu jarayon davomida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Biz qayerda faoliyat yuritmaylik, qonun doirasida so‘z erkinligini himoya qilishda davom etamiz», deyiladi bayonotda.

Braziliyada X platformasi bloklanishi

Avgust oyi oxirida sudya de Moraes Milliy telekommunikatsiya agentligiga X ijtimoiy tarmog‘ining butun mamlakat bo‘ylab faoliyatini to‘xtatishni buyurdi. Buning rasmiy sababi kompaniyaning 24 soat ichida Braziliyadagi qonuniy vakilini tayinlashdan bosh tortgani bo‘ldi. Platformani bloklash qarori butun mamlakat bo‘ylab ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Sentyabr oyi oxirida X Rachel de Oliveyra Konseysaoni Braziliyadagi qonuniy vakili etib tayinladi. Shu bilan birga, platforma sud talabiga binoan ba’zi akkauntlarni bloklashni boshlaganini e’lon qildi. Avvalroq X rahbariyati Braziliya rasmiylari talabiga ko‘ra, bir qator foydalanuvchilarning, jumladan, sobiq prezident Jair Bolsonaroning o‘ng qanot partiyasiga aloqador qonun chiqaruvchilar akkauntlarini bloklashdan bosh tortgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: