MDH sammiti yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar to‘plami, jumladan, MDH davlatlari rahbarlarining II Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari va jahon hamjamiyatiga murojaatnomasi imzolandi.
MDH sammiti ishtirokchilari Lochin shahrini (Ozarboyjon) 2025 yilda, Megri shahrini (Armaniston) 2026 yilda va Molodechno shahrini (Belarus) 2027 yilda madaniy poytaxt deb e’lon qilish to‘g‘risida qarorni imzoladilar. Shuningdek, Delegatsiyalarning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi va 2010 yil 10 dekabrdagi Shaxslarni davlatlararo qidiruvga berish to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritildi.
2025–2027 yillarga mo‘ljallangan deradikalizatsiya sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi. Hujjat O‘zbekiston tomoni – Terrorizm va ekstremizmning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashish muammolarini o‘rganish bo‘yicha bazaviy tashkilot hamda MDH a’zo davlatlarining Terrorga qarshi markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Dastur Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil dekabr oyida e’lon qilgan tashabbusini amalga oshirish doirasida tayyorlandi.
Dastur radikalizmning paydo bo‘lishi va tarqalishiga yordam beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan. Uning asosiy vazifalari Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning xalqaro huquqiy asoslarini ishlab chiqish, o‘zaro hamkorlik amaliyotini rivojlantirish, davlatlarning deradikalizatsiya sohasidagi faoliyatini axborot-tahliliy va ilmiy-uslubiy ta’minlashdan iborat.
MDH Davlat rahbarlari kengashining qarori bilan 2027 yil Hamdo‘stlikda “Huquqiy ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Bu aholining huquqiy madaniyati darajasini oshirish, MDH mamlakatlari fuqarolariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, qonunni hurmat qilishga asoslangan barqaror jamiyatni shakllantirishga xizmat etishi kutilmoqda.
Davlat rahbarlari, shuningdek, fuqarolik maqsadlarida sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Bayonotni qabul qildilar.
Hujjatda jamiyat va davlat hayotining asosiy jabhalariga sun’iy intellekt texnologiyalari tobora kirib borayotgani qayd etilib, jamiyat va davlat hayotining turli jabhalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ustidan davlat nazorati, raqamli texnologiyalarni yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Hamdo‘stlikda “1941-1945 yillarda Mehnat shuhrati shahri” faxriy unvoni ta’sis etildi. Bu unvon II Jahon urushidagi G‘alabaga erishishga, shaharda joylashgan korxonalarda harbiy va fuqarolik mahsulotlarini uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlashga katta hissa qo‘shgan, shu bilan birga ulkan mehnat qahramonlik va fidoyilik ko‘rsatgan shaharga beriladi.