KXDR Janubiy Koreyaga olib boruvchi barcha avtomobil va temiryo‘llarni yopadi

Jahon 20:33 / 09.10.2024 2624

KXDR harbiylari «janubiy chegaralarni qal’aga aylantirish» maqsadida Janubiy Koreyaga eltuvchi barcha avtomobil va temiryo‘llarini yopishga va’da berdi, deb yozadi BBC.

Shimoliy Koreya Bosh shtabining ma’lum qilishicha, «9 oktyabrdan boshlab KXDR va Koreya Respublikasini bog‘lovchi avtomobil va temiryo‘llarni butunlay yopishga qaratilgan qurilish ishlari boshlanadi». Mamlakat harbiylarining ta’kidlashicha, bunday chora «respublikaning janubiy chegarasida har kuni portlash bilan bog‘liq harbiy inqiroz kuchayib borayotgan jiddiy vaziyatga javoban» qabul qilinmoqda.

Shimoliy Koreya hukumatining bu kabi harakati ramziy xarakterga ega, chunki KXDRdan Janubiy Koreyaga eltadigan yo‘llardan shundoq ham kamdan kam hollarda foydalaniladi. Ammo KXDR armiyasining bayonoti Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi navbatdagi eskalatsiyaning keskinlashuvidan dalolat beradi.

Yanvar oyida KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakat konstitutsiyasiga Janubiy Koreyani asosiy dushman sifatida belgilab qo‘yish va urush boshlangan taqdirda «uning hududi Shimoliy Koreyaga qaytarilishiga» ruxsat berish kerakligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Shimol va Janubning tinch yo‘l bilan birlashishi haqidagi gaplardan voz kechishni taklif qilgan edi.

Avvalroq Janubiy Koreya KXDR yadroviy jangovar kallaklarni ishlab chiqarishga yetarli plutoniy va uranga ega ekanini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga mamlakat razvedkasining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya yettinchi yadroviy sinovini 5 noyabrda — AQShdagi prezidentlik saylovlaridan keyin o‘tkazishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: