Jurnalist Vudvord: Tramp Putin bilan yashirincha aloqada bo‘lgan

Jahon 08:45 / 09.10.2024 3827

AQShning sobiq prezidenti, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka amaldagi nomzod Donald Tramp prezidentlik muddatini yakunlaganidan so‘ng Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga yashirincha qo‘ng‘iroq qilib turgan. Bu haqda amerikalik jurnalist va The Washington Post gazetasi muharriri Bob Vudvordning «Urush» nomli yangi kitobida aytiladi, undan parchalar nashr tomonidan 8 oktyabr, seshanba kuni chop etilgan.

Vudvordning so‘zlariga ko‘ra, bunday aloqalardan biri 2024 yil boshida, Tramp yordamchisiga Putin bilan telefon orqali gaplashish uchun Mar-a-Lagodagi ofisini tark etishni aytganida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kitobda Tramp va Putin nima muhokama qilgani oshkor etilmagan. Shu bilan birga, Tramp saylovoldi tashviqoti xodimlaridan biri ehtimoliy aloqaga shubha qilmoqda. Biroq Trampga yaqin yana bir manba Vudvordga sobiq prezident 2021 yilda Oq uyni tark etganidan keyin Putin bilan yetti marta suhbatlashgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

COVID-19 uchun Amerika testlari

Vudvord shuningdek, 2020 yilda, koronavirus pandemiyasi boshlanganda, Tramp shaxsiy foydalanishi uchun Putinga o‘sha paytda tanqis bo‘lgan COVID-19 test qurilmalarini yashirincha yuborganini ta’kidlaydi. Aytilishicha, Tramp bilan telefon suhbatida Putin uzatilgan qurilmalar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni so‘ragan, chunki odamlar AQShning sobiq prezidentidan «g‘azablanishadi». Tramp buni kimdir bilib qolsa, unga ahamiyat bermasligini aytgan, lekin oxir-oqibat buni hech kimga aytmaslikka rozi bo‘lgan.

Tramp saylovoldi tashviqoti vakili Stiven Chun Vudvord 15 oktyabrda chiqadigan kitobda yozilgan hamma narsani yolg‘on deb atadi. «Bob Vudvordning xayoliy hikoyalarining hech biri haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», dedi Chun o‘z bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: