O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lsa, ayni paytda soliq imtiyozlaridan foydalanib kelayotgan yirik korxonalarga 2-3 yillik o‘tish davri beriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
«Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgandan keyin importda ham, ichki bozorda ham QQS bir xil bo‘lishi va soliq imtiyozlari bo‘lmasligi kerak. Agar importda QQS bo‘lsa, ichki bozorda imtiyoz bo‘lmasligi shart, ya’ni QQS to‘lanishi kerak. Bu birinchi talab. Aksiz solig‘i bilan ham xuddi shunday - import va ichki bozor stavkalari bir xil bo‘lishi kerak. Shuningdek, bojxona bojlari ham a’zo mamlakatlar bilan kelishilgan holda birxillashtirilishi lozim. Asosan, mana shu 3 ta talab bor», dedi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Mubin Mirzayevning ta’kidlashicha, bu kichik biznes uchun yaxshi, chunki teng sharoit yaratiladi, ammo soliq imtiyozlari bekor qilinishi tufayli yirik kompaniyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Soliq imtiyozlarining bekor qilinishi 2-3 yilda bosqichma bosqich to‘g‘rilanib boriladi. Bu ishlab chiqaruvchi korxonalarga katta ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Chunki u yerda ham ishchilar ishlaydi, moliyaviy holati og‘irlashmasligi lozim. Shuning uchun 2-3 yillik reja ishlab chiqilgan», dedi u.
Soliq qo‘mitasi rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Chunki boshqa davlatlar ham O‘zbekistonning eksport tovarlariga nisbatan yuqori bojxona bojlarini o‘rnatgan. Bu esa ularning chet elda sotish imkoniyatlarini chegaralaydi.
Avvalroq, O‘zbekiston JSTga kirish doirasida 18 davlat bilan muzokaralarni yakunlagani, ulardan 14 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollar imzolangani xabar qilingandi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish sari qadamlari
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024 yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan jami O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha 8 ta yig‘ilish o‘tkazdi.
May oyidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. 2026 yil O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.