Buxoro viloyati Kogon tumanida yo‘l harakati qoidalarini buzib YTH sodir etgan va bolalar o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.
Mazkur YTH 2024 yil 18 mart kuni sodir bo‘lgandi. Kogon tumanidagi chorrahada svetofor ishlamay turgan vaqtda bolalarni olib ketayotgan avtobus haydovchisi ikkinchi darajali yo‘ldan kelayotganiga qaramasdan harakatni davom ettirgan.
Shu paytda asosiy yo‘ldan kelayotgan beton tashuvchi yuk avtomobili unga zarb bilan urilgan va har ikki transport vositasi ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida Kogon tumanida 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning ikki nafar o‘quvchisi halok bo‘lgan. Boshqalari turli darajada tan jarohatlari olgan.
O‘shanda bir nechta avtobus bolalarni Buxoro shahridagi drama teatriga olib borayotgan bo‘lgan va qo‘pol qoidabuzarlik ortidan ularning biri YTHga uchragan.
Yo‘lda bolalar avtobus haydovchisidan bir necha marta sekinroq yurishni so‘ragan. Biroq u bu so‘rovlarni e’tiborsiz qoldirgan holda qoidalarni buzib harakatlanishda davom etgan.
Ma’lum qilinishicha, olib borilgan tergov harakatlarida avtobusni boshqargan haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, halokatga sababchi bo‘lgani aniqlangan.
Kogon shahar sudida o‘tkazilgan sud majlisida haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilgan.
Sud 33 yoshli ayblanuvchini 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etgan holda, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.