Ish beruvchi va ishchi xodimlarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2025 yil 1 aprelga qadar Yagona milliy mehnat tizimi (YaMMT) orqali:
- ish beruvchi va ishchi xodimlarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- yangi uslubiyot asosida qisqa va o‘rta muddatlarda kasb hamda mutaxassisliklarga bo‘lgan talabning prognozlari shakllantiriladi;
- zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda mehnat resurslari hisobi va statistikasi yuritiladi.
Vazirlik tomonidan aholiga bandlik xizmatlarini eksterritorial tarzda ko‘rsatish tartibi ishlab chiqiladi, bunda ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga ishga joylashtirish yo‘llanmasini istalgan bandlik organlari orqali berish nazarda tutiladi.