Antarktikada iqlim o‘zgarishi tufayli o‘simlik qoplamlari ortayotgani aniqlandi

Jahon 01:28 / 08.10.2024 5649

Ekseter va Xartfordshir universiteti olimlari oxirgi 40 yilda Antarktika yarimorolida o‘simlik qoplami ortganini aniqladi. Nature Geoscience jurnalida chop etilgan maqolada ushbu mintaqadagi o‘simlik olami iqlim o‘zgarishi tufayli sezilarli darajada kengaygani haqida so‘z boradi.
 
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yarimoroldagi o‘simliklar maydoni o‘n barobardan ortiqqa oshgan — 1986 yilda ular 1 kilometr kvadrat joyni egallagan bo‘lsa, 2021 yilga kelib ularning maydoni salkam 12 kilometr kvadratga yetgan. Bu kabi yashil o‘simliklarning ko‘payishi Antarktika yarimorolida kuzatilayotgan isishning tezlashgani bilan bog‘liq.
 
O‘simlik qoplamlari oshganini o‘rganishda olimlar sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlardan foydalangan, bu esa o‘z navbatida yarimorol yuzasining o‘zgarishini yaxshilab kuzatish imkonini bergan. 3D-suratlar yashillik 2016 yildan 2021 yilgacha har yili salkam 400 metr kvadratga oshganini ko‘rsatib bergan — bu undan oldingi yillarga nisbatan 30 foizda ko‘p demak.
 
Mox namunalarini o‘rganishga bag‘ishlangan bundan oldingi tadqiqotlar o‘simlarning o‘sish jadalligi oxirgi o‘n yillikda keskin oshganini ko‘rsatgan. Yangi ma’lumotlar esa yarimorolning yashilga burkanishi nafaqat davom etayotgani, balki tezlashganini ham ko‘rsatib berdi. Antarktika yarimoroli landshafti avvalgidek qor va muzlar bilan qoplangan, biroq moxlar o‘sadigan kichik maydonlar o‘lchami kengayib bormoqda.
 
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu jarayon yangi turdagi o‘simlar, shuningdek, mintaqa ekotizimini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan invaziv turlarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. O‘simliklarning ko‘payishi tuproqqa organik moddalarni qo‘shadi, bu esa hududning yanada yashillikka burkanishiga xizmat qiladi.
 

Ko‘proq yangiliklar: