Meksika janubi-g‘arbidagi Gerrero shtati meri Alexandro Arkos lavozimga kirishganidan bir necha hafta o‘tib o‘ldirib ketildi, deb xabar beradi BBC.
Qayd etilishicha, Arkosning jasadi 6 oktyabr kuni aholisi 280 mingga yaqin bo‘lgan va o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan Chilpansingo shahridan topilgan — u lavozimga kirishganiga bir hafta ham bo‘lmagan edi.
Shtat gubernatori Evelin Salgadoning ma’lum qilishicha, Arkos shahar hukumatining yangi kotibi Fransisko Tapia otib ketilganidan uch kun o‘tib o‘ldirilgan. Rasmiylar holat bo‘yicha olib borilayotgan tergov yoki gumonlanuvchilar haqida hech qanday ma’lumotni oshkor etmagan.
Arkosning ijtimoiy tarmoqlardagi postlaridan ko‘rish mumkinki, u oxirgi kunlarda o‘tgan hafta mamlakatga yopirilgan «Jon» to‘foni oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarga rahbarlik qilgan. O‘limidan bir necha soat oldin uning Facebookʼdagi sahifasida gumanitar tashkilotlar xodimlari va mahalliy aholi bilan uchrashuvi tasvirlangan suratlar e’lon qilingan.
Meksikalik senator Alexandro Morenoning aytishicha, Arkos hamda Tapia «yosh va halol amaldorlar bo‘lib, o‘z jamiyatini rivojlantirish uchun harakat qilgan». Ular federal hukumatni tergov bo‘yicha ishlarni o‘z zimmasiga olishga chaqirdi.
Gerrero Tinch okeani sohilida joylashgani bois giyohvand moddalar marshrutidan eng ko‘p aziyat chekadigan shtat hisoblanadi. Chilpansingo esa anchadan beri ikkita narkoguruh — Ardilos va Tlakos o‘rtasida jang maydoniga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Meksikada 2 iyunda o‘tkazilgan saylovlardan oldin olti nafar davlat lavozimiga nomzod o‘ldirilgan.