Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi

O‘zbekiston 22:42 / 07.10.2024 4526

«O‘zbekko‘mir»ga qarashli ko‘mir koni kengaytirilishi munosabati bilan Toshkent viloyatidagi Chinniobod mahallasida yashovchi fuqarolarga mulklarini boshqa joyga ko‘chirish yoki buzish uchun 60 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda 91 nafar mulkdorga 13,1 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘i to‘lab berilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda esa 95 ta ko‘chmas mulkni (73 ta turar, 1 ta noturar, 21 ta bo‘sh yer) boshqa joyga ko‘chirish ishlari uchun 49,2 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘i talab etilmoqda.

Xalq deputatlari viloyat, Angren shahar Kengashlari qarorlariga asosan mulkdorlar bilan ochiq muhokamalar o‘tkazilib, barcha mulkdorlarning rozilik xatlari olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 77 ta mulkdor bilan notarial kelishuv bitimlari tuzildi hamda 18 ta ko‘chmas mulk obektlari (18 ta bo‘sh yer) meros hujjatlarini rasmiylashtirgandan so‘ng, notarial kelishuv bitimlari tuziladi.

7 oktyabr kuni poytaxt viloyati hokimi Zoyir Mirzayev mahallada bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, aholi bilan suhbatlashdi. «Mahalliy aholidan iborat shtab va ishchi komissiya tuzildi. Kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash muddatlari va bu boradagi ishlar shaffofligi bo‘yicha kelishib olindi», deya ta’kidladi hokimlik.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unga muvofiq, yerni foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish maqsadida kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari sifatida e’tirof etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: