Sirdaryodagi korrupsioner hokimlar, Samarqandda qurilayotgan sifatsiz maktab, Islom Karimov haqida yangi kitob, Vengriyadan keltiriladigan yangicha bankomatlar va Namanganda avariyaga uchragan o‘quvchilar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Sirdaryoning korrupsioner hokimlari
Aksilkorrupsiya agentligi Sirdaryo viloyatida ikki yilda 5 nafar hokim korrupsiyaviy jinoyat sodir etganini xabar qilmoqda.
Viloyatda 2023 yilda 324 ta, 2024 yilning 8 oyida esa 216 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Jinoyatchilar orasida bir necha nafar hokim, hokim o‘rinbosari va hokimlik xodimlari ham bor.
Agentlik rahbari Akmal Burhonov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, viloyatda 2023 yilda 324 ta, 2024 yilning 8 oyida esa 216 ta korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan.
Xususan, 2023 yilda 3 nafar hokim, 1 nafar hokim o‘rinbosari va 17 nafar hokimlik xodimlari, 2024 yilda 2 nafar hokim, 3 nafar hokim o‘rinbosari, 2 nafar hokimlik xodimlari, 3 nafar obodonlashtirish, 1 nafar yagona buyurtmachi xizmati injyenering kompaniyasi mas’ul mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan.
Samarqanddagi safatsiz qurilayotgan maktab
Samarqand shahrining Qorasuv massivida Meʼmor complex MChJ tomonidan bunyod etilayotgan yangi, 1800 o‘rinli maktab binosi sifatsiz qurilayotgani aniqlandi.
Qoidabuzarliklar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan, sifatsiz ishlar joyida demontaj qildirilgan.
Xususan, obekt bo‘yicha qurilish ishlarini tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilmagan, hududga olib kelingan qurilish materiallari tartibsiz holda saqlangan.
Obektda yuritilishi kerak bo‘lgan ijro jurnallari tegishli tartibda yuritilmagan, foydalanilayotgan materiallarning ishlab chiqarish sertifikatlari olinmagan hamda yopma plitalar me’yorlarga amal qilinmagan holda o‘rnatilgan.
Qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilishining asosiy sababi buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik nazorati o‘z vaqtida olib borilmagani bo‘lgan.
Karimov haqida yangi kitob
Turkiyada O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi.
«O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov: Milliy g‘oyaning shakllanishi» nomli tadqiqot muallifi doktor Ismoil Po‘lat.
Muallifga ko‘ra, tadqiqot Islom Karimovning davlat qurilishi jarayonida tutgan o‘rnini ochib beradi va milliy o‘zlikni «Tarixshunoslik», «Til», «Din» va «Ramzlar» kabi davlat qurish parametrlari orqali o‘rganadi. O‘ziga xosliklar o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjudligini tushuntiradi.
Joriy yilning avgustida «Ostona» nashriyot uyida chop etilgan kitob 324 sahifadan iborat, narxi 650 lira yoki 243 ming so‘m.
Vengriyadan yangi bankomatlar keltiriladi.
O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov Spectrum kompaniyasi direktori Jozef Kovach bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Jozef Kovachning aytishicha, hozirda ushbu kompaniya O‘zbekistonga yangi turdagi bankomat uskunalarini yetkazib berishi bo‘yicha loyiha ustida ish olib borilmoqda. «Oktyabr oyida taqdimoti bo‘lib o‘tadigan NSR kompaniyasining innovatsion imkoniyatlarini birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda tatbiq etish rejalashtirilgan», degan Kovach.
Kompaniya mutaxassislari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Vengriya kartoshka navlarini ekib, tadqiqot natijalarini kutmoqda. Baliqchilik sohasida ham hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar joriy oktyabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan biznes-forumga Budapesht Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Vengriyaning yetakchi tadbirkorlarini jalb qilishga kelishib olishdi.
Namanganda o‘quvchilar “avariya”ga uchradi
Namangan shahrida ijaraga olingan Gentra yo‘l-transport hodisasiga duchor bo‘ldi. Mashinani boshqargan o‘smir vafot etgan.
Voqea 2 oktyabr kuni ertalab, shaharning Marg‘ilon ko‘chasida sodir bo‘lgan.
O‘smir boshqaruvidagi katta tezlikda borayotgan avtomobil boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va “Zil” yuk mashinasiga urilgan. Gentra salonida 5 nafar o‘quvchi bo‘lgan.
Avariya oqibatida mashinani boshqargan 17 yoshli o‘smir vafot etgan. Shuningdek, 17 yoshli uch nafar hamda 15 yoshli bir nafar o‘smir og‘ir tan jarohati olib, shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Namangan viloyati filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Markaz shifokorining bildirishicha, ularning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Ulardan birida klinik o‘lim holati kuzatilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli hayoti saqlab qolingan. Hozirda ularning barchasi koma holatida va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Shavkat Mirziyoyev Moskvaga uchib ketdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7–8 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi.
Davlat rahbari MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.
Joriy yilda MDHga Rossiya raislik qilmoqda. Sammitda raislik Tojikistonga o‘tadi.
7 oktyabr, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tavallud kuni ham hisoblanadi. U 72 yoshni qarshilaydi.