Rossiyada o‘zbek diasporasi yetakchisi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda gumon qilinmoqda

Jahon 19:11 / 04.10.2024 4441

Rossiyaning Irkutsk shahrida o‘zbek va tojik diasporasi yetakchilari noqonuniy migratsiyani tashkil qilishda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Bu haqda Irkutsk oblasti IIV xabar berdi. Gumondorlarning ismi-sharifi xabarda keltirilmagan.

Qayd qilinishicha, joriy yilning yanvar oyidan boshlab «Uzbekskiy natsionalno-kulturnyy sentr «Nashe Otechestvo» raisi va tojik diasporasi raisi o‘rinbosari qo‘shimcha ta’lim markazi bilan hamkorlikda pul mukofoti evaziga rus tilini bilish, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari bo‘yicha sertifikatlarni chet el fuqarolariga berib kelgan. Bu sertifikatlar Ichki ishlar vazirligining migratsiya organlariga taqdim etish uchun mo‘ljallangan.

Ta’kidlanishicha, xorijliklarning ko‘pchiligi bunday bilimlarga ega bo‘lmagan. Ushbu jinoiy harakatlar mehnat patentini, shuningdek, Irkutsk oblastida yashash uchun ruxsatnomani ro‘yxatdan o‘tkazishga yordam bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, rus tilini bilishini tasdiqlovchi sertifikat uchun gumondorlar 8 ming rublga yaqin pul olgan va buning ortidan 1,5 million rubldan ortiq daromad topgan.

Gumondorlarning ishxonasi va yashash manzillarida tintuv o‘tkazilganda, kompyuterlar, flesh-kartalar, 1,7 million rubl, bank kartalari, bo‘sh patronlar va daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar olib qo‘yilgan.

Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining «Tijorat poraxo‘rligi», «Noqonuniy migratsiyani tashkil etish» moddalari bilan jinoyat ishi ochilib, gumondorlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: