Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 10:38 1429

Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda umumiy inflatsiya pasayib borishi bilan birga iqtisodiyotdagi inflyatsion omillar turli yo‘nalishlarda shakllanmoqda. Kelgusi choraklarda inflatsiyaga o‘tgan yilgi energiya narxlari erkinlashtirilishining ta’siri kamayib borishi kutilayotganligiga qaramasdan inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotganligi pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Qabul qilingan qaror bazaviy inflatsiya ko‘rsatkichlari va inflatsiya kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan.

Umumiy inflatsiya darajasi 2024 yil oktabr oyidan pasayish trendiga o‘tib, dekabrda yillik 9,8 foizni tashkil etdi. Ushbu trendga narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganligining ifodasi sifatida qarash mumkin. 2024 yil yakunida iste’mol savatidagi tovar va xizmatlarning to‘rtdan uch qismida narxlar o‘sishi 2023 yilga nisbatan sekinlashdi.

Ayni paytda, dekabr oyida bazaviy inflatsiya biroz tezlashib, 7,2 foizgacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bog‘liq inflatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotda 2023-2024 yillardagi iste’mol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirga ega bo‘lib, bazaviy inflatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

2024 yil noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillarining namoyon bo‘lishi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari darajasida o‘sish qayd etildi.

Kelgusida inflatsiyaga ushbu ta’sirlarning kamayib borishi, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025 yil yakuniga umumiy inflatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishi bo‘yicha xatarlar import narxlari orqali inflatsiyaga oshiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 13 mart kuniga belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: