Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya xalq armiyasi maxsus bo‘linmalari o‘quv bazasiga tashrif buyurdi va u yerda bo‘lib o‘tayotgan mashg‘ulotlarni kuzatdi. Uning ta’kidlashicha, agar respublika hujumga uchrasa, barcha mavjud kuchlardan, jumladan, yadroviy quroldan foydalanishdan tortinmaydi.
Mashg‘ulotlar 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. KXDR yetakchisi Janubiy Koreya prezidenti Yun Syok Yolni «qo‘g‘irchoq» deb atadi va Janubiy Koreya rasmiylari va AQSh o‘rtasidagi yadroviy ittifoqni tanqid qildi.
«Agar o‘ta ahmoqlik va beparvolikka botgan dushmanlar bizning takror ogohlantirishlarimizga e’tibor bermasa va Janubiy Koreya bilan AQSh ittifoqiga ishonib, KXDR suverenitetiga qarshi kuch ishlatishga urinsa, biz rahm qilmaymiz», dedi Kim Chen In.
Shimoliy Koreya rahbari olimlarni «yadroviy tahdidlarga javob bera olish» uchun yadroviy materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirdi.
1 oktyabr kuni Janubiy Koreyada qurolli kuchlar tashkil topganining 76 yilligi nishonlandi, uning sharafiga Seulda keng ko‘lamli harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Prezident Yun Syok Yool, agar Pxenyan o‘z mamlakatiga qarshi yadroviy qurol ishlatmoqchi bo‘lsa, Janubiy Koreya bilan AQSh javobi «hal qiluvchi va hayratlanarli» bo‘lishini va’da qildi.