4 oktyabr kuni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda hududlardan saylangan delegatlar, federatsiya a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shaxmat ustalari, murabbiylar hamda faxriylar ishtirok etdi.
Konferensiya kun tartibiga binoan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining yangi tahrirdagi ustavi tasdiqlandi va federatsiyaning yangi rahbarlari saylandi.
Xususan, shaxmat faxriysi Sindarov Komil Oydinovich shaxmat federatsiyasi raisining o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori Sa’dullayev Alisher Zafar o‘g‘li shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, bosh vaziri Aripov Abdulla Nigmatovich shaxmat federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Qayd qilish joiz, Alisher Sa’dullayev 2022 yildan beri shaxmat federatsiyasiga raislik qilib kelayotgan edi.
Abdulla Aripovning saylanishi 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Avvalroq, bosh vazirga shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga raislik qilish topshirilgan edi.