4 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 19:52 / 04.10.2024 5620

Namanganda noqonuniy ro‘yxatga olingan avtomobillar, Qatarga mehnat migratsiyasi istiqbollari, qoida buzgan Jahongir Otajonov va maktab qurgan tadbirkor — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Namanganda noqonuniy ro‘yxatga olingan avtomobillar

Namanganda yuzlab avtomobillar davlat ro‘yxatidan noqonuniy o‘tkazilgani, ish respublika darajasida tergovda ekani aytilmoqda.

Vodiy viloyatlarida mashinalarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Ular orasida YHXB xodimlari ham bor. Ulardan biri viloyat ichki ishlar tizimida yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani aytilmoqda.

Namanganda avtomobillarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh aniqlangan. Ular bu faoliyatni butun vodiy viloyatlari bo‘yicha amalga oshirib kelgan. Jinoiy guruhning ayrim a’zolari hozirda qamoqqa olingan va ish respublika darajasida tergov qilinmoqda.

Jinoyat ishi ko‘lami juda katta, fuqarolar va davlatga milliardlab so‘mlik zarar yetkazilgan. Ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlanib qamoqqa olingan shaxslar orasida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari ham bor. Jumladan, ulardan biri Namangan viloyati YHXBda ishlagani va bir vaqtning o‘zida viloyat ichki ishlar tizimidagi yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani ma’lum bo‘ldi.

Noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan transport vositalari soni vodiy bo‘yicha bir necha yuzni tashkil qiladi. Gumonlanuvchilar auksion savdolariga chiqarilishi kerak bo‘lgan transport vositalarini, chet ellardan, jumladan, Qirg‘izistondan olib kelingan mashinalarni “rastamojka”siz davlat ro‘yxatidan o‘tkazib yuborgan. Ya’ni O‘zbekistonda ro‘yxatga olinmagan transport vositalariga davlat raqami hamda “texpasport” to‘g‘rilab berishgan.

O‘zbekistonliklar Qatarga ishga yuboriladi 

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ko‘ra, Qatarda turizm, IT hamda tibbiyot sohalari mutaxassislariga talab va qiziqish mavjud

Agentlik O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi va Qatarning Jusour bandlik agentligi rahbariyatlari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazgan.

«O‘zbekiston Qatar davlati uchun har sohada strategik hamkor mamlakat hisoblanadi. Shu bois yurtingizdan malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ham katta rejalarimiz bor», — degan Qatarning Jusour bandlik agentligi rahbari Abdulhodiy Bihayt Barqon.

Uchrashuvda ikki tomon ushbu imkoniyatlardan foydalanib, O‘zbekiston fuqarolarining Qatar davlatida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun hamkorlik shartnomasini tez kunlarda imzolashga kelishib oldi.

Umra litsenziyasi bo‘yicha yangi talablar qachon e’lon qilinadi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 5 oktyabrdan Umra ziyoratiga olib boruvchi firmalarning litsenziyalari o‘z kuchini yo‘qotishi, ular qo‘mitadan yangi litsenziya olishi kerakligini ma’lum qilgan edi.

2024 yil 2 iyulda qabul qilingan qonun bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilangan.

Ushbu yo‘nalishdagi sayyohlik firmalari joriy yil 5 oktyabrdan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan yangi litsenziya olishlari kerak bo‘ladi.

Yangi tartib kuchga kirishiga 2 kun qoldi, lekin vakolatli organ hozirgacha yangi litsenziya shartlarini e’lon qilmagan.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati bosh mutaxassisi Yahyo Hayitaliyev qaror loyihasi allaqachon ishlab chiqilib, hukumatga kiritilganini, qaror bir-ikki kunda chiqib qolishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Jahongir Otajonov ucharlik qildi

O‘zbekistonda yana bir taniqli shaxs yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib harakatlangani aks etgan videosini tarqatdi.

Xonanda Jahongir Otajonov Zeekr rusumli avtomobilda 195 km/h tezlikda harakatlandi. Boshqaruv chog‘ida tezlik ko‘rsatkichini telefonida tasvirga olib, Instagramʼdagi sahifasiga joylagan.

Videoga ko‘ra, qoidabuzarlik aholi yashash punktidan tashqarida, avtotrassada sodir etilgan, bunday joylarda ruxsat etilgan maksimal tezlik esa 100 km/h (ayrim hududlarda — 110 km/h)ni tashkil etadi.

«Kecha Zeekr qancha tezlikka chiqarkan deyishgandi. Qani ko‘ramiz. Sharoit bor chiqarishga», — deydi u videoda. U spidometr ko‘rsatkichi 195 km/hʼga chiqqanida tezlikni pasaytira boshlaydi. «195 ga chiqardim, uyog‘iga harakat ko‘p ekan, to‘g‘risi, qo‘rqdim. Balki 200 ga ham chiqar», — deydi u.

Keyinchalik Jahongir Otajonov o‘z mashinasini koyigani, so‘ngra Samarqand viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan jarimaga tortilgani to‘g‘risidagi videolar e’lon qilindi.

Saxovatli tadbirkor maktab qurdi

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida mahalliy tadbirkorlardan biri o‘zi tahsil olgan maktab uchun 630 o‘rinli yangi bino qurib berdi. Tadbirkor yangi maktab binosi uchun 32,2 mlrd so‘m sarflagani aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tadbirkor Jamshid Pardayev o‘zi tahsil olgan Oltinsoy tumanida joylashgan 48-sonli maktab uchun yangi bino qurib bergan.

Yangi maktab binosi zamonaviy ko‘rinishda qurilgan bo‘lib, unda o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha qulayliklar qilingan.

Jumladan, intellektual sinfxonalar, sportzal, mini stadion, kutubxona, majlislar zali, kompyuter sinflari va oshxona barpo qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: