Yevropa Ittifoqi sudi Rossiya hukumati, shuningdek, Rossiya kompaniyalari va tashkilotlari uchun yuridik maslahat berish taqiqlanganligini tasdiqladi. Lyuksemburg sudining 2 oktyabr, chorshanba kuni qaroriga ko‘ra, bu cheklovchi chora Yevropa Ittifoqining Asosiy huquqlar xartiyasini buzmaydi.
Taqiq huquqiy faoliyatning mohiyatiga ta’sir qilmaydi
Shunday qilib, Yevropa sudyalari advokatlarning Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushiga javoban 2022 yil oktyabr oyida qabul qilingan sanksiyalar paketining bir qismi bo‘lgan taqiqqa qarshi da’vosini rad etdi. Ularning ta’kidlashicha, sanksiyalar sud, ma’muriy va arbitraj jarayonlarida yuridik maslahat berishni taqiqlamaydi. Jismoniy shaxslarga yuridik maslahat berish ham man etilmaydi.
Sud, shuningdek, sanksiyalarning bir qismi sifatida qo‘yilgan taqiq jamoat manfaatiga xizmat qiladigan maqsadlarni ko‘zlashini va demokratik jamiyatda advokatlarning asosiy vazifasining mohiyatiga ta’sir qilmasligini tushuntirdi.
Belgiya advokatlar assotsiatsiyasi va individual advokatlar, shuningdek, fransuz yuridik birlashmalari Yevropa Ittifoqi sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi. Qaror ustidan Yevropa sudiga shikoyat qilinishi mumkin.