Trampning neft-gaz mo‘jizasi qay darajada real va AQSh prezidentini dunyoning qazilma yoqilg‘ilar bozoridagi ikki asosiy raqibi — Rossiya va Saudiya Arabistoni ustidan g‘alabaga olib boruvchi yo‘lda qanday to‘siqlar kutishi mumkin?
«Burg‘ila, bolajon, burg‘ila» — Trampning saylovoldi kampaniyasi shiori bo‘ldi. U neft va boshqa yengil uglevodorodlar ishlab chiqarishni 15 foizga yoki kuniga 3 mln barrelgacha oshirishni va’da qilmoqda.
AQSh hozirning o‘zida dunyoning eng yirik energiya resurslari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Faqatgina neft va gaz kondensatini AQSh kuniga 13 mln barreldan ko‘proq ishlab chiqaradi, bu ko‘rsatkich Rossiya va Saudiya Arabistonidagidan ham ancha yuqori — ularning har biri taxminan 10,5 mln barrel qazib chiqaradi.
Bundan tashqari, AQSh dunyodagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksportchisi sanaladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Vladimir Putin Yevropaga nisbatan «gaz urushi»ni boshlashi ortidan Amerika Yevropa bozoridagi mavqeyini mustahkamlay oldi. Bu mojaro natijasida «Gazprom» o‘zi uchun eng daromadli va qulay Yevropa bozorini qariyb butunlay yo‘qotdi.
Bo‘shagan o‘rinni Amerika gaz kompaniyalari egalladi va Tramp ularning ustunligini mustahkamlash, shu bilan birga, STGning yirik eksportchilari bo‘lgan Qatar, Kanada va Avstraliyadan Osiyo bozoridagi ulushni qaytarib olishni rejalashtirmoqda.
Bu Trampning islohotlaridan ko‘zlangan ikki asosiy maqsaddan biridir. Ikkinchisi — qazib olish hajmini oshirish orqali AQSh ichki bozorida yonilg‘i narxini past darajada ushlab turish. Hozirgi kunda gaz AQShda Yevropa yoki Xitoydagi narxidan qariyb uch barobar arzon, bu esa Amerika sanoatiga raqobatbardoshlikni oshirishda yordam berib, dunyodagi eng boy mamlakatda farovonlikni kuchaytirmoqda.
BBC Tramp qanday qilib «energetik ustunlik»ka erishmoqchi ekani xususida tahliliy maqola e’lon qildi.
Alyaska, quvurlar va «kapitalizm hirsi»
«Neft qazib olishni ko‘paytirishning ikki yo‘li ko‘zga tashlanadi: davlat tomonidan nazoratni yumshatish va neft kompaniyalarida ko‘proq qazib olishga rag‘bat uyg‘otish», — deydi Institute of International Finance (IIF) iqtisodchilari Marsello Estevao va Ivan Burgara.
«So‘nggi to‘rt yilda neft ishlab chiqaruvchilarni Jo Baydenning «yashil» islohotlari cheklab keldi. Bu islohotlar energetikani qazilma yoqilg‘idan ekologik toza manbalarga o‘tishga majburlash uchun mo‘ljallangandi. Trampning ikkinchi muddati neft ishlab chiqaruvchilarda «hayvonot nafsini» uyg‘otib, ularni kelajakdagi foyda uchun hozirdan sarmoya kiritishga chog‘lantiradi», — deb yozadi ular.
Shu maqsadda Tramp bir necha «ko‘zir qarta»larni yengidan chiqarishga tayyor.
Birinchisi — neft kompaniyalariga federal yerlar va shelflarni taqdim etish. Hozir AQShda ishlab chiqarilayotgan neftning to‘rtdan biri federal yerlarda va hindular rezervatsiyalarida qazib chiqariladi. Bayden shelflarda, ayniqsa, Tinch va Atlantika okeanidagi davlatga tegishli yerlarda ishlab chiqarishga litsenziya berishni cheklagandi.
Tramp neftga boy shtatlarda, birinchi navbatda Alyaska va Texasdagi federal yerlarda qazish ishlarini tiklashi mumkin. Shuningdek, Meksika qo‘ltig‘idagi davlat shelfi ham qayta ishga tushirilishi mumkin. Biroq federal yerlarni neft platformalari va burg‘ilash uchun ajratish – ishning faqat yarmi. Qazib chiqarish va razvedka uchun ham ruxsatnomalar olish kerak bo‘ladi.
Bu esa Trampning ikkinchi ko‘ziri. Trampning ilk prezidentlik muddatida federal yerlar boshqaruvi byurosi (BLM) ma’lumotlariga ko‘ra, ruxsatnoma olish uchun o‘rtacha 174 kun ketgan. Bayden davrida bu ko‘rsatkich 258 kunga uzaytirildi. U prezidentlikka kelgach, ruxsatnoma berishni butunlay to‘xtatgan, faqat o‘z muddati o‘rtalariga kelib qayta tiklagan edi.
Uchinchi qadam — infratuzilmani rivojlantirish. Tramp Bayden tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan neft haydash quvurlari qurilishini qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Bu kompaniyalarga ishlab chiqarishni tezlik bilan oshirish, yangi bozorlarga chiqish va dengiz sohilidagi eksport terminallariga ulanish imkonini beradi.
Yangi ma’muriyat tomonidan va’da qilinayotgan choralarning to‘rtinchisi neft va gaz ishlab chiqarishni emas, balki ularga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tramp Baydenning keng ko‘lamli «yashil» subsidiyalarini bekor qilish, ekologik talablarni yumshatish va avtomobillar hamda energetikani qayta tiklanadigan manbalarga o‘tkazish rejalarini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Nihoyat, beshinchi ko‘zir — Bayden tomonidan joriy etilgan suyultirilgan gaz eksporti cheklovlarini bekor qilish.
Hammasi xamirdan qil sug‘urganday kechmaydi
Tramp suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksportini cheklovchi qoidalarni birinchi kuniyoq bekor qilishi mumkin, ammo bu jarayonga ikki jiddiy muammo to‘sqinlik qilishi ehtimoli bor. Birinchidan, Bayden bu cheklovlarni oddiy emas, balki sohildagi terminallar kengayishining «ekologik ta’sirlar tahlili» bahonasi bilan kiritgan edi. Shunday qilib, ekspertiza yakunlanmasidan berilgan har qanday ruxsatnoma sudga tortilishi mumkin.
Biroq, bu muammo vaqtinchalikdir, chunki ekologik ekspertizaning formal qismi bir oy ichida yakunlanadi. Eng jiddiy to‘siq, Avstraliya tajribasi ko‘rsatganidek, gazning ichki bozorida narxlar oshishi bo‘lishi mumkin. Chunki tashqi bozorlarda, avval aytilganidek, gaz narxlari bir necha barobar qimmatroq.
Tramp nafaqat energiya manbalari qimmatlashining oldini olishni istaydi, balki saylovchilarga narxlarni pasaytirishni ham va’da qilgan.
Xususiy kompaniyalarni «burg‘ila, bolajon, burg‘ila» deb faoliyatini yanada kuchaytirishga majbur qilish ham oson ish emas.
Kompaniyalar investitsiyaviy qarorlarni rentabellik va uzoq muddatli manfaatlarni hisobga olgan holda qabul qiladi. Agar Trampning neft va gaz narxlarini tushirish maqsadi amalga oshsa, bu ular ko‘proq emas, kamroq qazishiga olib keladi. Hatto barcha federal yerlar yelarga tekin taqdim etilsa ham.
Kanzas-Siti federal zaxiralar banki neftchilar orasida o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, mavjud qazib chiqarish hududlarini foyda bilan rivojlantirish uchun neftning o‘rtacha narxi 65 dollardan past bo‘lmasligi kerak. Dastlabki qazib chiqarish hajmini sezilarli oshirish uchun esa narx 89 dollar bo‘lishi talab etiladi.
Ko‘pchilik neft ishlab chiqaruvchilar bunday yuqori narxlarni kutayotgani yo‘q. Ular neft narxi olti oydan so‘ng 73 dollar, bir yildan keyin 77 dollar va ikki yildan so‘ng 80 dollar bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Shu sababli, ko‘plab yirik kompaniyalar Trampning ilhomlantiruvchi bayonotlariga qaramay investitsiyalarni ko‘paytirishni rejalashtirishmayapti. Bundan tashqari, sarmoyadorlar va bozor kompaniyalardan olinayotgan foydani dividendlar va aksiyalarni qayta sotib olishga yo‘naltirishni talab qilmoqda. Shuning uchun kapital sarmoyalar uchun resurslar kam qolmoqda.
«Yillar, hattoki o‘n yillar»
«Federal yerlarni taqsimlashni boshlash mumkin, ammo bu neft ishlab chiqaruvchilar ularni zudlik bilan o‘zlashtirishga kirishadi degani emas», — deb ta’kidlaydi IIF iqtisodchilari. Ularni nafaqat qazib chiqarish hajmini oshirishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ichki va jahon bozoridagi talab va taklif omillari ham tiyib turibdi.
Mana shu talab borasida hozircha ayrim savollar bor.
Neft ishlab chiqaruvchi asosiy OPEC+ karteli va G‘arb iste’molchilari bosh tahlil markazi IEA (xalqaro energetika agentligi) 2025 yilda jahon iqtisodiyotidagi muammolar va asosiy iste’molchi — Xitoydagi talab susayishi tufayli neft va gazga talab past darajada o‘sishini prognoz qilmoqda.
Shu bilan birga, dunyodagi neftga talab baribir aholi o‘sishi va sanoat rivojlanishi bilan birga ko‘tarilib boradi. IEA hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilda talab kuniga yana 1 mln barrelga oshib, 104 mln barrelga yetadi.
Bir vaqtning o‘zida Rossiya va Eronning «yashirin flot»lariga qarshi AQSh sanksiyalari tufayli taklif qisqarmoqda. Biroq hech kim jahon bozorida taqchillik yoki narxlar keskin oshishini kutmayapti.
Birinchidan, AQSh va Xitoy taqchillik sodir bo‘lgan holatda bozorga aralashish uchun ulkan strategik zaxiralarga ega. Ikkinchidan, OPEC+ bu yil kartelga a’zo mamlakatlarning neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarning ayrimlaridan voz kechish uchun to‘planadi. Uchinchidan, OPEC+ga kirmaydigan mamlakatlar, jumladan, AQSh, Kanada, Braziliya, Gayana va Argentina, bu yil qazib chiqarish hajmini yana sutkasiga 1,5 mln barrelga oshirishni rejalashtirmoqda.
«Bu choralarning barchasi yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlarni ham, kutilgan talab oshishini ham qoplashga yetadi», — deb hisoblaydi Xalqaro energetika agentligi mutaxassislari.
Narxlar ko‘tarilmasa, unda Tramp tomonidan taqdim etiladigan yengilliklar AQShda qazib olish hajmini oshirishi mumkinmi?
Agar bu ro‘y bersa ham, yaqin kelajak sodir bo‘lmaydi, deb hisoblaydi IIF iqtisodchilari.
«Tartibga solishning yengillashtirilishiga qaramay, kelgusi to‘rt yil ichida AQShda neft qazib chiqarish hajmi sezilarli darajada oshishini kuzatmaymiz, — demoqda ekspertlar. — Federal yerlar uchun litsenziyalar taqsimlanganidan so‘ng, u yerlarda qazib chiqarish boshlanishigacha yillar, balki o‘n yillar kerak bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, AQShda neft ishlab chiqarishning har qanday sezilarli o‘sishi faqat 2028 yilda — Trampning prezidentlik muddati yakunlanganidan so‘ng ro‘y berishi mumkin».