Qirg‘izistonda 5-6 nafar dollar milliarderi va 200 ga yaqin millioner yashaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov «Kabar» axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi pullarini xorijdagi ofshor kompaniyalarda saqlamoqda.
«Shu maqsadda biz legallashtirish haqidagi qonunini qabul qildik. Ammo hozircha ular pullarini mamlakatga to‘liq qaytarmadi. Mablag‘larni qisman qaytarib olib, qurilish sohasiga kiritayotganlar ham bor», dedi Japarov.
Prezident boy odamlarni Qirg‘izistonga sarmoya kiritishga chaqirib, iqtisodiyot va davlatga foyda keltiradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Jumladan, Japarov Tomchi aeroporti ro‘parasida mehmonxonalar qurishni taklif qilgan. 90 gektar maydonda to‘qqizta besh yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan.
«Birinchisini qurish allaqachon boshlangan. Mehmonxonani ikki yildan keyin foydalanishga topshirishni talab qildim. Men mahalliy investorlar va oligarxlarimizga murojaat qilaman: sarmoya kiriting, talab bitta – besh yulduzli mehmonxona qurish», dedi prezident.
Japarov so‘zlariga ko‘ra, xorijiy investorlardan ko‘ra mahalliy investorlar afzalroq.
«Chunki sof daromad to‘liq mamlakatimizda qoladi. Ammo biz tashqi investorlardan ham zarar ko‘rmaymiz. Ular sarmoya kiritadilar, ish o‘rinlari yaratadilar, soliq to‘laydilar, lekin baribir o‘zi uchun sof daromad oladilar», deb tushuntirdi davlat rahbari.