“AQSh o‘z uyiga qaytyapti” - Tramp nega tashqi dunyoga xarajatlarni kesyapti?

Jahon 14:21 3074

Tramp Amerikani yana Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvidan olib chiqmoqda. U imzolagan boshqa bir hujjat bilan, AQShning boshqa mamlakatlarga yordam ko‘rsatish dasturlari 90 kunga to‘xtatildi. Kun.uz muxbiri siyosiy tahlilchilardan Donald Trampning bu qarorlari ortida turgan motivlar haqida so‘radi.

Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp Amerikaning tashqi dunyoga berayotgan yordamlariga davlatchilik nuqtayi nazaridan emas, biznesmen sifatida qaraydi. U milliarder, “shu narsani qilsam, 4 milliard ekonom qilgan bo‘larkanman”, degan nuqtayi nazarga ega.

Keyingi 70 yilda dunyoda Amerika tartibotini ta’minlashning asosiy mexanizmlaridan biri – xalqaro institutlar va ba’zi mamlakatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. Misr, Isroilga milliardlab yordam beriladi, Isroilga-ku aytmasa ham bo‘ladi. Natijada AQSh dunyoning turli mintaqalarida o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan.

Trampning birinchi vakolat muddati davrida ham davlatning mazkur moliyaviy amaliyotlarini qisqartirishga harakat qilgan, biroq respublikachilar uning bu harakatini AQSh tashqi siyosatini, xalqaro qudratini demontaj qilish sifatida baholagan va bunga qarshilik qilgan edi. U yangi vakolat muddatida ham shu ishni davom ettiradi, lekin bu gal siyosiy elita unga katta qarshilik qilolmaydi.

Qo‘pol qilib aytganda, Amerika uyiga qaytyapti. Amerika I Jahon urushigacha dunyo ishlariga aralashmagan, II jahon urushidan keyin esa dunyo tartibotini o‘z qo‘liga olgandi. SSSR qulagungacha dunyoning qayerida kichik bo‘lsa ham konflikt kuzatilsa, AQSh va SSSRning qulog‘i ko‘rinib turardi. Uchinchi davlat yo‘q edi.

Amerikaning “uyiga qaytishi” aslida Trampdan oldin boshlangan edi. “Dunyo ishlaridan charchadik, endi uyga borib, uyimizni ham chiroyli qilib qo‘yaylik, nega faqat tashqi dunyoga pul sochaverasizlar, o‘zimizda yo‘llar, maktablar qursalaring bo‘lmaydimi” degan kayfiyat Amerika xalqida kuchaygan.

Bu – Amerikaning global qudratiga ta’sir qiladi, raqiblarini xursand qiladi.

Farhod Karimov: Trampning bu siyosati og‘ir oqibatlarga olib keladi. Masalan, AQShning Parij paktidan chiqishi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatini asosiy moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchisidan, ekologik muammolardan aziyat chekayotgan davlatlarni esa donorlik resursidan mosuvo qiladi. Bundan ikkinchi yoki uchinchi dunyo mamlakatlari ko‘proq aziyat chekadi.

2020 yilda Xitoyning JSST bilan hamkorlikdagi loyihalari va ko‘plab davlatlarga COVID-19 bilan kurashish yo‘lida ko‘rsatgan yordami Xitoyning xalqaro nufuzini oshirgan edi. Agar AQSh izolyatsiya siyosatini kuchaytirsa, Xitoy boshqa tashkilotlar orqali ham o‘zining global ta’sirini kuchaytirib olishi imkoniyatiga ega.

Tramp Xitoy taklif qilolmaydigan xizmatlar va tovarlarni dunyoga taklif qilish orqali Xitoy bilan raqobatlashmoqchi. Masalan, kosmos loyihalari.

Islomxon G‘afforov: AQShning neft qazib olishni kuchaytirishga intilishini ham aynan Xitoy bilan raqobatdan qochish sifatida baholash mumkin. Ma’lumki, AQSh azaldan neft qazib olish va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha gegemon davlat hisoblanadi, Xitoy esa muqobil energiyaga eng ko‘p ustuvorlik beryapti. Bu bo‘yicha raqobatda Xitoyga mag‘lub bo‘lishini bilgan AQSh o‘zi avvaldan kuchli bo‘lgan neft qazib olish sohasini kuchaytirishga qaror qildi va shu sababli Parij paktini tark etmoqda. Bu yo‘lda AQShdagi neft biznesi bilan shug‘ullanuvchi katta tadbirkorlarga yo‘l ochilmoqda.

Shuhrat Rasulov: AQSh deyarli barcha xalqaro tashkilotlar xarajatlarining kamida 20 foizini zimmasiga olgan. Tramp buning evaziga AQSh nima foyda ko‘ryapti, degan savolni qo‘ygan. U birinchi vakolat muddatida Jahon savdo tashkiloti nizomlarini ham bir necha marta qo‘pol ravishda buzgan, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar tovarlariga qo‘shimcha boj kiritgan edi. Hozir esa AQSh bu tashkilotni ham tark etishi haqida fikrlar yangramoqda.

Agar AQSh xalqaro tashkilotlarni tark etsa yoki ularni moliyalashtirishdagi o‘z ulushini olib qo‘ysa, ularning ayrimlari butunlay qulashi yoki juda kichik tuzilmalarga aylanib qolishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: