Isroilning Livandagi dastlabki yo‘qotishlari, BMT bosh kotibiga taqiq va Rossiyadagi aksilmigrant qonunlar - kun dayjesti

Jahon 14:11 / 03.10.2024 7143

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Livanga hujumi

Isroillik harbiylar Livan janubida quruqlikdagi janglarni olib bormoqda va bir vaqtning o‘zida bir necha hududda «Hizbulloh» guruhiga qarshi amaliyotlar o‘tkazmoqda.

Isroil mudofaa armiyasi janglarda sakkiz nafar harbiysi halok bo‘lib, yana yetti nafar harbiysi yaralanganini ma’lum qilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra o‘lganlar va yaradorlar soni 30 dan oshadi. Chegaraga yangi kuchlar yuborilmoqda.

«Kommandos kuchlari, jumladan «Egoz» bo‘linmasi askarlari «Hizbulloh»ning jangovar tuzilmasini aniqladi va yakson etdi… Quruqlik qo‘shini Isroil harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda aniq yo‘naltirilgan o‘q-dorilar hamda yaqin masofadagi janglar orqali terrorchilarni yo‘q qilib, terrorchilik infratuzilmalarini yakson etdi», — deyilgan armiya bayonotida.

Bundan tashqari, oldinroq berilgan aviazarbalar oqibatida «150 dan ortiq terrorchilik infratuzilmasi obektlari yo‘q qilingani» ma’lum qilingan.

Livan armiyasining ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan xabarida aytilishicha, Isroil qo‘shini Livan janubida taxminan 400 metr masofada kirib borib, Isroil va okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklari hududini Livandan ajratib turuvchi, BMT tomonidan nazorat qilinadigan «havorang chiziq»ni buzib o‘tgan.

«Hizbulloh» vakili Livan janubida Isroil mudofaa armiyasi bilan bugungi to‘qnashuvlar «urushning birinchi bosqichining bir qismi» bo‘lganini aytgan.

«Bizning kuchlarimiz va qarshilik harakati jangchilari dushmandan himoyalanishga to‘la tayyor», — degan «Hizbulloh» vakili Muhammad Afif.

«Hizbulloh» ham o‘z jangchilari Livan janubidagi Yarun qishlog‘ini o‘rab olishga harakat qilgan isroillik harbiylarning bir qismini yo‘q qilganini tasdiqlagan.

Xabarda aytilishicha, mahalliy vaqt bilan tush mahalida «Hizbulloh» jangchilari portlovchi qurilmani harakatga keltirgan va bundan isroillik harbiy xizmatchilar jabrlangan.

Isroil Livanga qo‘shimcha qo‘shin kiritishi shuni anglatadiki, Isroil «Hizbulloh»ga qarshi cheklangan amaliyotlari doirasidan chiqishi mumkin.

Isroildan BMT bosh kotibiga taqiq

Antoniu Guterrish Isroilda «persona non grata» deb e’lon qilindi. U Eronning Isroilga qilgan hujumini qoralamaganlikda ayblandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilda «persona non grata» deb e’lon qilindi va mamlakatga kirishi taqiqlandi. Bu haqda Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats ma’lum qildi.

«Dunyodagi deyarli har bir davlat qilganidek, Eronning Isroilga qilgan jirkanch hujumini so‘zsiz qoralay olmasa, Isroil tuprog‘iga qadam qo‘yishga loyiq emas. U Isroilga qarshi bosh kotib, u terrorchilar, zo‘ravonlar va qotillarni qo‘llab-quvvatlaydi», deb Israel Katsning so‘zlarini keltirdi Haaretz nashri.

Katsning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish haligacha HAMASning 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumini qoralamagan va uni terrorchi tashkilot deb e’lon qilishga urinmagan.

Bir kun oldin, Eron Isroilga raketa hujumini uyushtirganidan so‘ng, BMT bosh kotibi X ijtimoiy tarmog‘ida «Yaqin Sharqdagi mojaroning tobora keskinlashuvini qoralayman, bunga barham berish kerak. O‘t ochish mutlaqo to‘xtatilishi lozim», deb yozdi, biroq na Eron va na Isroilni eslatib o‘tdi.

Rossiyada migratsiya siyosati kuchaytirilmoqda

Davlat Dumasiga migratsiyaga oid beshta qonun loyihasi kiritildi, ular qatorida noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jazoni kuchaytirish haqidagisi ham bor.

Shuningdek, deputatlar yana ikkita tashabbusni ma’qulladilar. Xo‘sh, aynan nimani o‘zgartirish taklif qilinmoqda?

1 oktyabr kuni Rossiya parlamenti quyi palatasiga migratsiya siyosatiga oid beshta qonun loyihasidan iborat paket kiritildi.

Qonun loyihalaridan biriga ko‘ra har qanday huquqbuzarlik uchun jazoni og‘irlashtiradigan holatlar ko‘rsatilgan. Deputatlar ulardan birini «Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lgan shaxs tomonidan jinoyat sodir etish», deb hisoblashni taklif qilmoqda.

Ushbu tuzatishlar qabul qilingandan so‘ng, sud noqonuniy migrantga to‘liq jazo tayinlashi mumkin bo‘ladi, garchi yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lsa ham. Sud hatto birinchi marta sodir etilgan yengil jinoyatlar uchun ham haqiqiy qamoq jazosini tayinlashi mumkin.

Boshqa qonun loyihasi noqonuniy migratsiyani tashkil etishni (agar uyushgan guruh tomonidan yoki «og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etish maqsadida» sodir etilgan bo‘lsa) o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazadi.

Deputatlar, shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirish uchun jazoni kuchaytirmoqchi, agar ular yordamida, masalan, Rossiyaga kirish yoki migratsiya «propiskasi» qoidalari buzilgan bo‘lsa.

Bundan tashqari, «Roskomnadzor»ga «migratsiya sohasidagi noqonuniy xizmatlar», shuningdek, uni tashkil etish usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega saytlarni suddan tashqari blokirovka qilish vakolatini berish taklif etilgan.

Ta’kidlanishicha, 450 deputatdan 350 nafardan ortig‘i, jumladan, quyi palata spikeri Vyacheslav Volodin har bir qonun loyihasiga o‘z imzosini qo‘ygan.

1 oktyabr kuni Davlat Dumasi migratsiya siyosatiga oid yana ikkita qonun loyihasiga ovoz berdi.

Birinchisi, endi chet el fuqarolari soddalashtirilgan sxema bo‘yicha vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani faqat Rossiya fuqarosi bilan uch yillik nikohdan keyin olishi mumkin bo‘ladi (avval 2 yil edi).

Ikkinchi qonun loyihasi hozircha faqat birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lib, u noqonuniy migratsiyani tashkil etish oqibatida olingan pul va mol-mulkni musodara qilishga imkon beradi.

Eng xavfli ijtimoiy tarmoqlar

Amerikaning Incogni kompaniyasi tahlilchilari “Ijtimoiy tarmoqlarning maxfiylik reytingi —2024” jadvalini tuzdi. Reytingda global ijtimoiy tarmoqlardan qaysilari foydalanuvchilar haqida ko‘proq ma’lumot yig‘ishi va saqlashi ma’lum qilingan.

Baholash beshta toifadagi 14 ta mezon bo‘yicha o‘tkazildi. Bu mezonlar orasida qoidabuzarliklar, ma’lumotlarni yig‘ish va saqlash, shaffoflik hamda maxfiylikni boshqarish qulayligi kabilar mavjud.

Demak, foydalanuvchilar haqida eng ko‘p ma’lumot to‘playdigan ijtimoiy tarmoqlar beshligi quyidagilar:

  • Facebook — maxfiylik darajasiga 20 balldan 18,9 ball berilgan (ballar qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi);
  • Facebook Messenger — 16,5 ball;
  • LinkedIn — 16,3 ball;
  • Instagram — 15,8 ball;
  • X (Twitter) — 15,2 ball.

Foydalanuvchilar haqida eng kam ma’lumotni Reddit, Snapchat, Pinterest va Discord platformalari to‘playdi.

Mutaxassislar Telegram va Discord ma’lumotlarni boshqarishning eng shaffof va qulay usullarini taklif etishini aniqladi. Bunda Telegram foydalanuvchi akkaunti o‘chirilgandan so‘ng ma’lumotlarni juda tez o‘chirib yuborishi bilan boshqalardan ajralib turdi. LinkedIn va X eng qattiq maxfiylik sozlamalariga ega, biroq ikkala platforma ham maxfiylik uchun katta xavf tug‘dirmoqda.

“Eng xavfli ijtimoiy tarmoqlarning yakuniy reytingi quyidagicha: birinchi o‘rinda Facebook, ikkinchi va uchinchi o‘rinda mos ravishda Facebook Messenger va LinkedIn. YouTube reytingda 9-o‘rinni egalladi. Telegram 6-, Whatsapp 8-o‘rinda. Reddit, Snapchat va Pinterest eng xavfsiz deb tan olindi”, — deyiladi xabarda.

Telegramʼda yangi bildirishnoma

Telegram asoschisi Pavel Durovning ma’lum qilishicha, 2018 yildan buyon to‘g‘ri shakllantirilgan yuridik so‘rovga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlari oshkor qilib kelinmoqda.

Foydalanuvchilar ularning akkaunti haqida davlat organlaridan so‘rov bo‘lgani yoki yo‘qligini @transparency boti orqali tekshirishi mumkin.

Bizga tegishli aloqa liniyalari orqali to‘g‘ri shakllangan yuridik so‘rov kelib tushganda, biz uni tekshirib, xavfli jinoyatchilarning IP manzillarini/telefon raqamlarini oshkor qilamiz. Bu jarayon o‘tgan haftadan ancha oldin amalga oshirilgan edi”, — deb yozgan Durov o‘zining kanalida.

Ma’lum qilinishicha, messenjerdagi bot foydalanuvchining ma’lumotlari uchun qayta ishlangan (hukumat) so‘rovlar sonini ko‘rsatadi.

Masalan, Braziliyada biz 2024 yilning 1-choragida (yanvar-mart) 75 ta, 2-chorakda 63 ta va 3-chorakda 65 ta yuridik so‘rovlar bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qildik. Eng yirik bozorimiz bo‘lgan Hindistonda biz 1-chorakda 2461 ta, 2-chorakda 2151 ta va 3-chorakda 2380 ta yuridik so‘rovni qondirdik”, — degan Pavel.

Shuningdek, Yevropada ham 3-chorakda qabul qilingan qonuniy so‘rovlar soni ko‘payishi kuzatilgan.

Shuningdek, Durov chalkashlikni kamaytirish uchun messenjer o‘tgan haftada turli mamlakatlarda maxfiylik siyosatini soddalashtirgani va birlashtirganini ma’lum qildi.

Ammo bizning asosiy tamoyillarimiz o‘zgarmadi. Biz har doim ular erkinlik va shaxsiy hayot qadriyatlarimizga zid bo‘lmasa, tegishli mahalliy qonunlarga rioya qilishga intilamiz. Telegram faollar va oddiy odamlarni korrupsiyalashgan hukumatlar va korporatsiyalardan himoya qilish uchun yaratilgan. Biz jinoyatchilar platformamizni suiiste’mol qilishlariga yoki adolatli sudlovdan qochishlariga yo‘l qo‘ymaymiz”, — deyiladi Durovning 2 oktyabr kuni e’lon qilgan postida.

Ko‘proq yangiliklar: