Germaniyada o‘ta xavfli Marburg virusi aniqlangan bo‘lishi mumkin

Jahon 09:12 / 03.10.2024 2542

Marburg virusi bilan kasallangani taxmin etilgan ikki yo‘lovchi zudlik bilan Hamburg markaziy vokzalidan evakuatsiya qilindi. 2 oktyabr, seshanba kuni dpa agentligining xabar berishicha, kasallik alomatlarini sezgan tibbiyot yo‘nalishi talabasi va uning sevgilisi keyingi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Hamburg-Eppendorf universiteti kasalxonasiga olib ketilgan.

Juftlik Hamburgga Frankfurt-Mayn shahridan ICE tezyurar poyezdida yetib kelishdi. Yo‘lda ikkalasida ham grippga o‘xshash alomatlar paydo bo‘ldi. Ilgari talaba Ruandaga tashrif buyurgan va u yerda shifokorlar keyinchalik Marburg virusini yuqtirgan deb tashxis qo‘ygan bemor bilan aloqada bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezdda virus tashuvchisi bo‘lgan 200 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning aloqa ma’lumotlari politsiya tomonidan karantin choralari uchun to‘plangan.

JSST Marburg virusi epidemiyasi xavfi haqida ogohlantirdi

Sentyabr oyi oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Ruandada Marburg virusi epidemiyasi avj olgani haqida bayonot berdi. Ruanda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 kishida infeksiya holatlari tasdiqlangan, ulardan 10 nafari vafot etgan. Tasdiqlangan holatlarning 70 foizdan ortig‘i Ruanda poytaxti Kigali shahridagi ikkita tibbiyot muassasasining tibbiyot xodimlarida kuzatilgan. Ayni paytda global miqyosda virus tarqalish xavfi past darajada baholanmoqda, deya ta’kidladi JSST.

Marburg virusi ifloslangan suyuqliklar bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqadi. Kasallik kuchli gemorragik isitma bilan kechadi va 88 foiz hollarda o‘limga olib keladi. Inkubatsiya davri 2 kundan 21 kungacha davom etadi. Virus o‘z nomini Germaniyaning Marburg shahridan olgan, u yerda 1967 yilda laboratoriya xodimlari Ugandadan laboratoriyaga olib kelingan maymunlarni yorib ko‘rish paytida uni yuqtirib olgan.

Ko‘proq yangiliklar: