“Tourist map” interaktiv portali va mobil ilovasi ishga tushiriladi

O‘zbekiston 20:03 / 02.10.2024 2084

Joriy yil 26 sentabrdan “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori kuchga kirdi. Qaror bilan 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini ta’minlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi “Tourist map” interaktiv portali sinov tariqasida Samarqand xalqaro aeroportida ishga tushiriladi:

  • aeroport, temiryo‘l vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish va shu kabi joylar hamda ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot taqdim etish;
  • aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzib berish va matritsali shtrix kod (QR-kod) orqali mobil qurilmasiga o‘tkazib olish imkoniyatini yaratish;
  • turistlar oqimi yuqori bo‘lgan davlatlar tillarida axborot berish hamda tegishli hududning xaritasini namoyish etib borish.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda tajriba o‘tkazish davrida aeroport, temiryo‘l vokzallari hamda chegara o‘tish punktlarida turistlarga bir oy faol turistik sim-kartalarni mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul berish amaliyotini joriy qilishi kerak.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan birgalikda 2025 yil 1 oktyabrga qadar:

  • “Tourist map” interaktiv portalini yaratish ishlarini yakunlash hamda Samarqand shahrining xalqaro aeroportida interaktiv portal uskunalari joylashtirilishini ta’minlaydi;
  • “Tourist map” interaktiv portali uskunalari atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etish va “Tourist map” interaktiv portalining mobil ilovasini ishga tushirishni ta’minlaydi.

“Tourist map” interaktiv portali va uning mobil ilovasini ishlab chiqish, ishga tushirish, keyinchalik funksional imkoniyatlarini kengaytirish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda interaktiv portal uskunalarini xarid qilish, saqlash va ta’mirlab borish xarajatlari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Turizm qo‘mitasi tajriba yakunlari bo‘yicha iqtisodiy, moliyaviy va turistik tahlillarni amalga oshiradi. Uning asosida “Tourist map” interaktiv portalini mamlakatning boshqa turizm oqimi yuqori bo‘lgan hududlarning aeroport, temiryo‘l vokzallari, avtovokzallarida ishga tushirish yuzasidan 2026 yil 1 sentabrga qadar hukumatga asoslantirilgan takliflar kiritadi.

Shuningdek, qaror bilan Toshkent viloyati hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda – 2025-2027 yillarda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirishning yangilangan konsepsiyasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: