Xaosga chek qo‘ymoqchi edi, aksi bo‘lib chiqdi: Bayden o‘z siyosiy merosini qanday barbod qildi?

Jahon 20:17 / 23.01.2025 6958

20 yanvar kuni Jo Bayden Oq uyni tark etdi. 2020 yilda u Donald Trampni mag‘lub etib, amerikaliklarga «normal» holatga qaytishni va’da qilgan edi, ammo uning prezidentligi ichki va tashqi siyosatda ham birdek beqarorlikka aylandi. Uning o‘zi esa Amerika tarixidagi eng nomunosib prezidentlardan biri sifatida qaralmoqda.

Baydenning tarafdorlari u iqtisodiyotni to‘liq halokatdan saqlab qolgani, Rossiya bilan urushga yo‘l qo‘ymagani va Amerika sanoatini tiklashga poydevor qo‘yganini ta’kidlashmoqda. Biroq ko‘plab amerikaliklar uning boshqaruvini muvaffaqiyatsiz, deb baholashmoqda. Ehtimol, Baydenning asosiy merosi — Donald Trampning yana saylanishi bo‘lishi mumkin, deyiladi «Meduza» nashrining Bayden prezidentligi yakunlarini bo‘yicha sharhida.

Bayden qanday prezident bo‘lgan edi?

Jo Bayden o‘zini har doim yetarli tarzda baholanmagan siyosatchi deya hisoblagan. 1972 yilda 30 yoshli Bayden kutilmaganda eng yosh senatorlardan biriga aylangandi. O‘sha paytda u Delaverdan saylangan amaldagi respublikachilar senatori Kaleb Boggsni mag‘lub etadi. Bayden uni qarilikda ayblagandi — Boggs o‘shanda 73 yoshda edi. Keyingi 36 yil davomida Bayden yetti marta ushbu lavozimga qayta saylandi va eng nufuzli demokrat senatorlardan biriga aylandi.

Har bir senator prezident bo‘lishni orzu qiladi va Bayden ham bundan mustasno emasdi. Uning birinchi prezidentlik kampaniyasi 1988 yilda mojaro sabab tezda yakunlanadi: Bayden Britaniya bosh vaziri Nil Kinnok nutqidan parchalarni ko‘chirgani oshkor bo‘ladi. 2008 yilda esa undan yoshroq Hillari Klinton va Barak Obama o‘zib ketadi. Praymerizda g‘olib bo‘lgan Obama o‘z jamoasiga yoshroq siyosatchi obrazini muvozanatlash uchun oq tanli va o‘rtacharoq siyosatchini tanlashga muhtoj edi — tanlov Baydenga tushadi.

Obamaning ko‘p yillik maslahatchisi Devid Akselrodning aytishicha, Baydenni vitse-prezident lavozimiga tanlashning ustunliklaridan biri uning yoshi edi. Obama lavozimini tark etganida Bayden 74 yosh bo‘lardi — uni prezidentlikka uchinchi marta nomzodini qo‘yishga juda qari deb hisoblashgan edi. Biroq Bayden 2016 yilda bu imkoniyatni jiddiy ko‘rib chiqqan, ammo Obama uni bundan qaytargan va o‘zining sobiq raqibi Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatlashni afzal ko‘rgan. Shuningdek, 2015 yilda Baydenning katta o‘g‘li Bo saratondan vafot etgani vitse-prezident uchun og‘ir zarba bo‘lgan. Tramp g‘alabasidan so‘ng Bayden saylovlarda ishtirok etmaganidan afsuslanganini aytgandi.

To‘rt yil o‘tib Bayden prezidentlik kampaniyasini boshlaganida, uning muvaffaqiyatiga kamdan kam odam ishongan. So‘rovlardagi yaxshi natijalarga qaramay, Bayden Ayova shtatida to‘rtinchi va Nyu Hempshirdagi praymerizlarda beshinchi o‘rinni olgandi.

Jurnalistlar uning kampaniyasini barbod bo‘lgan deb hisoblay boshlashgandi, ammo Shimoliy Karolinadagi yaxshi natijalar va poygadan chiqqan nomzodlar qo‘llab-quvvatlashi orqali Bayden so‘lchi senator Berni Sandersni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Vitse-prezidentlikka u Kaliforniyadan afroamerikalik Kamala Harrisni tanladi, u debatlar vaqtida Baydenni irqchilikka qarshi kurash va maktablarni integratsiya qilishga qarshi bo‘lganlikda hamda irqchi senatorlar bilan do‘stlikda ayblagandi.

Prezidentlik kampaniyasi koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda o‘tkazildi, bu virus milliondan ortiq amerikalik hayotiga zomin bo‘lgandi. Shuningdek, politsiya zo‘ravonligiga qarshi Black Lives Matter harakati namoyishlari davom etayotgandi. Bayden shu fonga qarshi Tramp prezidentligining tartibsizliklari va janjallariga barham berish hamda Amerikaga «normallik»ni qaytarishni va’da qilgan. Bu tezis 2021 yil 6 yanvar kuni Trampning tarafdorlari Bayden g‘alabasini tan olmasdan Kapitoliyda saylovchilar ovozini hisob-kitob qilishni buzishga urinishidan so‘ng yanada dolzarb tus olgan.

Baydenning ishlari yillar o‘tib o‘z samarasini ko‘rsatadi

Prezidentlik lavozimiga kirishgach, Bayden avvalo Trampning merosidan xalos bo‘lishga kirishdi: AQShni Parij iqlim kelishuviga va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytardi, ayrim musulmon mamlakatlardan kelgan muhojirlarga AQShga kirishga qo‘yilgan taqiqlarni bekor qildi va Meksika bilan chegarada devor qurish loyihasini to‘xtatdi. Baydenning prezidentligi uchun dastlabki oylardagi asosiy qiyinchiliklardan biri – koronavirusning ikkinchi to‘lqini edi. Yangi ma’muriyat vaksinalar va zarur tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi yilda vaksinalangan amerikaliklar ulushi 75 foizdan oshdi.

Biroq Bayden sog‘liqni saqlash sohasida amerikaliklarning ishonchini tiklay olmadi. Kovid lokdaunlarining zarurati va vaksinatsiya masalalari siyosiy madaniyat urushlariga aylandi, bu yerda demokratlar mutaxassislar va ilmiy dalillarga ishonishni talab qilgan bo‘lsa, respublikachilar maktablarni yopishning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib, vaksinalarga, shu jumladan, koronavirusga qarshi vaksinalarga shubha bilan qarashni kuchaytirdi.

Kovid retsessiyasidan AQShni olib chiqish uchun Bayden «Build Back Better» («Yana yaxshiroq qurish») deb nomlangan keng ko‘lamli investitsiya rejasini taklif qildi, bu reja tezda «Baydenomika» deb nomlandi. Uning birinchi qismi — 1,9 trln dollarlik rag‘batlantiruvchi choralar paketi bo‘lib, aksariyat amerikaliklarga pul to‘lash, ishsizlik nafaqalarini oshirish, bolalar nafaqasi, turar joy va bolalar bog‘chalari uchun subsidiyalar, shuningdek, shtatlar va shaharlar budjetlari uchun transferlar kiritildi.

Rejaning ikkinchi qismi doimiy ravishda yetarlicha sarmoya ajratilmagan infratuzilmani moliyalashtirish va sanoat sektori tiklanishiga qaratilgan. Ko‘priklar, yo‘llar, aeroportlarni ta’mirlash va yangilash, temiryo‘l transportini rivojlantirish va yuqori tezlikdagi internet uchun 1,2 trln dollar ajratildi.

Partiya ichidagi kelishmovchiliklar Baydenning qonunchilik kun tartibini sekinlashtirib qo‘ydi. 2022 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan Kongressga oraliq saylovlarga qadar demokratlar faqat soliq tizimini qayta isloh qilish, yashil energiya va transportni subsidiyalash, pensionerlar uchun retsept bo‘yicha dori vositalari narxlarini pasaytirishga oid katta qonun loyihasini qabul qilishga ulgurdi.

Baydenning qonunchilikdagi so‘nggi yutug‘i — CHIPS Act bo‘ldi. Bu ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun eng katta investitsiya paketi hisoblanadi.

Bayden hali saylovgacha talabalar kreditlari bo‘yicha qarzlarni 400 mlrd dollargacha hisobdan chiqarishga va’da bergan edi. 2023 yilda Oliy sud bu dasturni to‘xtatib qo‘yganiga qaramay, ma’muriyat qonun hujjatlaridagi ayrim imkoniyatlardan foydalanib, 5,3 mln amerikalikning qarzidan qariyb 190 mlrd dollarni kechishga muvaffaq bo‘ldi.

Faqatgina oz sonli prezidentlar Bayden ma’muriyatining qonunchilik sohasidagi yutuqlari bilan raqobatlasha oladi. Biroq ularning samarasi faqat kelajakda sezilarli bo‘ladi va amerikaliklar ularni katta ehtimol bilan 46-prezidentga bog‘lamaydi.

Iqtisodiyotni budjet orqali rag‘batlantirishning teskari tomoni — inflatsiya keskin o‘sishi bo‘ldi. 2022 yil iyun oyida inflatsiya 9 foizga yetib, 40 yillik rekordni yangiladi. Garchi AQSh inflatsiyani boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan tezroq jilovlay olgan va iqtisodiyot o‘sishi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan bo‘lsa-da, bunday natijalarni oddiy amerikaliklarga yetkazish qiyin bo‘ldi. Ular ko‘chmas mulk, benzin va oziq-ovqat narxlari o‘sib borayotganini ko‘rib, norozi bo‘lishdi.

Ha, ishsizlik darajasi past bo‘ldi, maoshlar esa so‘nggi 20 yildagi eng yuqori sur’atlar bilan o‘sdi, ayniqsa kambag‘allar ishlaydigan sohalarda. Biroq inflatsiya o‘sishi Bayden prezidentligi davomida ulardan ko‘proq bo‘ldi. Iqtisodiy muvaffaqiyatlar haqidagi xabarlar oddiy fuqarolarning oilaviy budjetlarida aks etmadi, ular Tramp davrida iqtisodiyot yaxshiroq edi, deb hisoblashdi.

Kovid lokdaunlari davrida AQShda jinoyatchilik keskin ko‘paydi. 2020 yilda, Bayden prezident bo‘lishidan avval, bir yildagi qotilliklar soni qariyb 29 foizga oshdi. 2021 yilda jinoyatchilik o‘sishda davom etdi, ammo keyingi yilda pandemiyadan avvalgi ko‘rsatkichlarga qaytdi va Bayden prezidentligining ikkinchi yarmida sezilarli ravishda pasaydi.

Tanqidchilar jinoyatchilik o‘sishini Black Lives Matter norozilik namoyishlari va politsiya xarajatlarini qisqartirish tashabbuslariga bog‘lashdi (garchi Bayden buni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da), shuningdek, buni demokratlar rahbarlik qilayotgan shaharlar va prezidentga bog‘lashdi. Biroq jinoyatchilik pasayishi Bayden ma’muriyati yutug‘i sifatida qayd etilmadi.

Yana bir muhim muammo — Meksika bilan chegara orqali noqonuniy migrantlar soni rekord darajada ko‘payishi bo‘ldi. Bayden prezidentligi davomida uch yil ichida chegarada 6,3 milliondan ortiq odam qo‘lga olindi. Ulardan kamida ikki millioni AQShda qolishga va panoh topish uchun arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini kutishga muvaffaq bo‘ldi. Bu jarayon yillab davom etishi mumkin.

2023 yil dekabr oyida kuniga 10 ming kishi chegarani kesib o‘tardi. Bayden respublikachilar bilan migratsiya islohoti bo‘yicha kelishishga urindi, ammo Tramp bunga qarshi chiqishidan so‘ng muzokaralar to‘xtatildi. 2024 yil yanvarida Bayden chegarani vaqtincha yopish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu chegarani kesib o‘tishga urinishlarni keskin qisqartirdi, ammo uni bu chorani avvalroq qo‘llash kerak edi, deb tanqid qilishdi.

Bayden tashqi siyosatda izchil haarkat qilmadi

Bayden uchun tashqi siyosatdagi birinchi qiyinchilik 2001 yildan buyon davom etayotgan Afg‘oniston urushiga yakun yasash bo‘ldi. Amerika qo‘shinlarini olib chiqish shartlari va muddati Tramp ma’muriyati davrida «Tolibon» bilan olib borilgan muzokaralarda belgilangandi. Bayden harbiy maslahatchilarning mintaqadagi qo‘shinlarning bir qismini qoldirish haqidagi tavsiyalariga qaramay, ushbu shartlarga to‘liq rioya etishga qaror qildi.

2021 yil avgust oyida toliblar tez sur’atda odimlagan pallalarda amerikaliklar harbiylar, fuqarolik xodimlari va ularga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni shoshilinch tarzda boshladi. Ikki hafta mobaynida mamlakatdan 122 mingga yaqin odam olib chiqildi.

Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan keyinroq evakuatsiya jarayonini kechiktirish sababi afg‘on hukumatidagi kollapsdan kelib chiqqanini tan oldi: «Hukumat bizdan juda tez harakat qilmaslikni so‘radi, chunki ular bu jangovar ruhiyat yo‘qolishiga olib kelishidan xavotirlanishgan. Ortga nazar tashlab, aytish mumkinki, bu holat baribir sodir bo‘ldi».

Amerika harbiylari ketar chog‘ida uchoq shassisiga osilgan afg‘onlar va aeroportga kirishda ro‘y bergan terakt tasvirlari butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Bu voqealarda 13 amerikalik harbiy va mahalliy aholi vakillaridan 170 ga yaqini halok bo‘ldi. Amerikaliklarning tartibsiz qochishi AQSh obro‘siga jiddiy zarar yetkazdi. Tanqidchilar, jumladan, Donald Tramp, aynan shu voqea Rossiyani AQShning zaifligiga ishontirgan deb hisoblashadi. 2021 yil kuziga kelib, Amerika harbiylari Afg‘onistonni to‘liq tark etgan paytda Baydenning reytingi keskin pasaydi va shundan keyin hech qachon 50 foizdan oshmadi.

2022 yil 24 fevralda AQSh Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqini bilan yangi inqirozga duch keldi. Bayden ma’muriyati urush boshlanishidan bir necha oy oldin Rossiyaning rejalarini buzishga harakat qilib, Rossiya armiyasining harakatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi va Xitoy rahbariyati orqali Kremlga bosim o‘tkazdi. Urush boshlanganidan keyin AQSh NATOdagi ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiyaga nisbatan katta miqyosdagi tarmoqli va xususiy sanksiyalar joriy qildi. Ukrainaga 100 milliard dollardan ortiq qiymatda qurol va moliyaviy yordam ko‘rsatilishi ukrain armiyasiga Rossiyaning oldinga yurishini to‘xtatishga imkon berdi.

Bir tomondan, bu Baydenning qat’iyati va AQShning kuchini namoyon etdi: Rossiya o‘z maqsadlariga erisha olmadi, NATO mamlakatlari birlashdi va harbiy xarajatlarini oshirdi, shuningdek, Shvetsiya va Finlandiya neytrallik siyosatidan voz kechib, alyansga qo‘shildi.

Shu bilan birga, Baydenning Rossiya va Ukraina bo‘yicha olib borgan siyosati ko‘plab tanqidlarga uchradi. Ba’zilar uni keskinlikdan qo‘rqib, turli qurollarni yetkazib berishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, bu esa ukrain armiyasining jangovar qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganida ayblashdi. Boshqalar esa uning ma’muriyatini mojarodan chiqish bo‘yicha aniq strategiya yo‘qligi va uning oldini olishda layoqatsizlik qilganlikda aybladi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 2024 yil dekabr oyiga kelib, amerikaliklarning kichik qismi (37 foiz) AQSh Ukrainaga ortiqcha yordam bermoqda deb hisoblagan. Qolganlar esa yordam yetarlicha (31 foiz) yoki yetarli darajada emas (30 foiz) deb ta’kidlashgan. Ilk bor Ukraina hududlarini qaytarishni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra mojaroni tezroq yakunlashni qo‘llab-quvvatlovchilar soni ko‘pchilikni tashkil etdi.

Trampga bo‘lg‘usi muzokaralar uchun yaxshi poydevor qoldirganiga Bayden ma’muriyatining ishonchi komil. Ammo bu muzokaralarning kelajakdagi istiqboli hozircha noaniq. Trampning atrofidagilar Ukrainaga yordamni to‘xtatish yangi prezident uchun Afg‘onistondan qochishga o‘xshash oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Bayden uchun yana bir jiddiy sinov – Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishi bo‘ldi. 2023 yil 7 oktyabrda Hamas a’zolari Isroilga hujum qildi. Hujum natijasida 1200 ga yaqin odam halok bo‘ldi va 250 kishi garovga olindi. AQSh zudlik bilan Isroilni qo‘llab-quvvatladi va G‘azo sektoriga qo‘shin kiritish qarorini ma’qulladi. 2024 yil aprelda Kongress Isroilga 17 mlrd dollarlik harbiy yordam ajratishni ma’qulladi.

Biroq mojaro kuchayib borarkan, Isroil rahbariyati Bayden ma’muriyati talablariga bo‘ysunmay qo‘ydi. Isroillik harbiylar AQShning tinch fuqarolar orasidagi qurbonlar sonini qisqartirish va insonparvarlik yordamni o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha talablarini inobatga olmasdan harakat qila boshladi.

Bayden butun faoliyati davomida qo‘llab-quvvatlab kelgan Isroilga yordam berish siyosati va insoniy mulohazalar o‘rtasidagi ziddiyat AQSh siyosatida jiddiy nomutanosiblik keltirib chiqardi. Buning ramzi sifatida AQSh armiyasi tomonidan G‘azo sohilida gumanitar yordam yetkazish uchun mo‘ljallangan aylanma pirs o‘rnatildi, lekin u ikki oylik faoliyatdan so‘ng bo‘ron natijasida yo‘q bo‘ldi.

Bu nomutanosiblik AQSh ichkarisida ham tanqidlarga uchradi. Respublikachilar Baydenni Isroilga qo‘ygan talablari va yirik bombalarni yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlari bilan uning harakatlariga to‘sqinlik qilishda ayblashdi. Demokratlar esa ma’muriyat fuqarolar orasidagi qurbonlarni minimallashtirish uchun yetarlicha harakat qilmayotganini ta’kidlashdi. Hatto ularning ayrimlari prezidentni genotsidda ishtirok etishda aybladi. Bu ziddiyat AQSh ko‘chalarida ham aks-sado berdi. Talabalarning Falastinni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ommaviy namoyishlari ba’zi holatlarda politsiya va Isroil tarafdorlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Baydenning Oq uydan ketishiga bir necha kun qolganda Isroil va Hamas olti haftalik otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishdi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu kelishuv uning jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan asosiy shartlar tufayli amalga oshgan. Ammo bu yutuqni Tramp ham o‘z foydasiga yozdi. Keyinchalik muzokara qatnashchilari bu jarayonda Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff asosiy rol o‘ynaganini ta’kidlashdi.

Ikkinchi muddatga harakat qilgan Bayden qolgan obro‘sidan ham ayrildi

2020 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida 78 yoshli Bayden yaqin maslahatchilariga faqat bir muddatga prezident bo‘lishni rejalashtirgani, shundan keyin yoshroq siyosiy avlod uchun «ko‘prik» bo‘lish niyatida ekanini aytgan. Uning maslahatchilaridan biri shunday degan: «Agar Bayden prezident bo‘lsa, to‘rt yil ichida uning yoshi 82 ga yetadi va u qaytadan nomzodini qo‘ymaydi».

Biroq, 2022 yilning o‘zidayoq, ayrim demokratlar Baydenning ikkinchi muddatga loyiq ekaniga shubha bilan qaray boshladi. Shunga qaramay, partiyaning Kongressdagi oraliq saylovlarda qayd etgan yaxshi natijalari Baydenni ruhlantirdi. U shunday xulosaga keldiki, so‘rov natijalari salbiy bo‘lishiga qaramay, amerikaliklar uning siyosatiga hali ham ishonch ko‘zi bilan qarashmoqda. Bu esa uning praymerizdagi ehtimoliy raqiblari uchun uni tanqid qilish imkoniyatini chekladi.

2022 yil oxiriga kelib, Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish haqida qat’iy qaror qildi. Buni u rasman 2023 yil aprelida e’lon qildi. Bayden bu qaror sababi mamlakatdagi ko‘plab inqirozlarni hal qilish zarurati va saylovda Tramp ham saylovda ishtirok etayotgani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, uning yoshi va salomatligi o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bayden ommaviy tadbirlarda so‘zidan adashib, ba’zan yo‘lini yo‘qotgandek ko‘rindi. 2024 yil fevralida maxsus prokuror Robert Hurr Baydenning uyida maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash holatini tekshirib, unga ayblov qo‘yishdan ma’no yo‘q, deb topdi. Chunki hakamlar Baydenni «yaxshi niyatli, lekin keksaygan va xotirasi yomonlashgan» kishi sifatida oqlab yuborishini taxmin qildi.

Shundan so‘ng, prezident matbuot anjumanida asabiy chiqish qildi, nutqida u Meksika va Misr prezidentlarining ismlarini adashtirib yubordi. Demokratlar va Baydenning maslahatchilari esa har qanday tanqidni ko‘rmaslikka olar va bu holatlar uning salomatligi bilan bog‘liq emasligini da’vo qilishardi. U partiyaning saylovoldi praymerizlarida osonlik bilan g‘olib chiqdi, lekin u yerda haqiqiy raqobatchi yo‘q edi.

Baydenning holatiga bo‘lgan shubhalar yozgi debatlarda Tramp bilan bo‘lgan bahsda yuzaga chiqdi. Prezidentning chiqishi juda aftodahol alfozda bo‘lib, uning qadam tashlashi qiyin, ovozi zaif edi. U raqibi so‘zlayotganda, og‘zini ochib, uzoqqa qarab turgan holda juda noqulay ko‘rinishda edi. Debatlardan so‘ng o‘tkazilgan ko‘pchilik so‘rovlar Trampning g‘alabasi aniq ekanini ko‘rsatdi.

Shundan so‘ng matbuotda Baydenning salomatligi bilan bog‘liq muammolar haqida maqolalar chiqishni boshladi. Jurnalistlar AQSh prezidenti oxirgi oylarda, ayniqsa xorijga safarlarda juda tez toliqayotgani, kun davomida bor-yo‘g‘i olti soat — ertalab soat 10:00 dan tushdan keyingi 16:00 gacha ishlaganiini yozishdi. Prezidentning ayrim vazifalarini milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan, maslahatchi Stiven Richetti va iqtisodiy kengash rahbari Lael Breynard o‘z zimmasiga olgan.

Baydenning maslahatchilari uni demokrat kongressmenlar yoki o‘z hukumati a’zolari bilan uchrashuvlardan maksimal darajada cheklashga harakat qilib, uni yomon xabarlardan uzoqlashtirish uchun o‘ziga xos «pilla qobiq»qa joylashtirishdi.

Shu paytda partiyadoshlar Baydenga saylovlardan chekinish talabini qo‘yib, kampaniya boshlashdi. Bir oy davomida kongressmenlar, matbuot va saylovoldi kampaniyasi homiylari bosimidan so‘ng, Oq uy taslim bo‘ldi va Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasligini e’lon qildi.

Uning o‘rniga tezda vitse-prezident Kamala Harris nomzodini ko‘rsatishdi. Baydenning jamoasi uni jiddiy qabul qilmas va uni ma’muriyat ishlariga jalb qilmasdi.

Saylovlargacha qolgan 3,5 oy ichida u kampaniyani qaytadan tashkil qilishga urinib ko‘rdi. Debatlardagi muvaffaqiyatli chiqishiga qaramay, u o‘z prezidentligi Baydennikidan nimasi bilan farqlanishini ko‘rsata olmadi. 5 noyabr kuni Tramp nafaqat ayrim ikkilanuvchi shtatlarda g‘alaba qozondi, balki saylovchilarning mutlaq ko‘pchiligining ovozlarini qo‘lga kiritgan holda AQShning 47-prezidenti bo‘ldi.

Bayden va uning jamoasi hali ham voqelikni inkor qilib turganga o‘xshaydi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan intervyusida u agar saylovda qolganimda, Trampni mag‘lub etgan bo‘lardim, deb aytdi. Uning prezidentlik muddati esa yana bir buzilgan va’da bilan yakunlandi: u qurolga noqonuniy egalik qilgani va soliq to‘lamagani uchun hukm qilingan o‘g‘li Hanterni oldindan afv etdi. Bayden o‘g‘liga qarshi ish siyosiylashtirilganini ta’kidlab, ko‘p jihatdan Trampning o‘ziga qarshi jinoiy ishlar haqida aytgan so‘zlarini takrorladi.

Amerikaliklar Baydenni AQSh tarixidagi eng yomon prezidentlardan biri deb hisoblashmoqda. Ammo kelajakda bu baholar o‘zgarishi mumkin.

15 yanvar kuni Jo Bayden o‘zining xayrlashuv nutqi bilan chiqish qildi. Unda Bayden AQShda oligarxiya shakllanishi xavfi borligini ta’kidlab, so‘nggi oylarda Trampning yaqinlari orasiga qo‘shilgan Ilon Mask va Tramp ma’muriyatida lavozim olgan o‘nlab milliarderlarga sha’ma qildi. Shuningdek, Bayden o‘z ma’muriyatining yutuqlari haqida so‘zlab berdi: 17 million yangi ish o‘rni, kuchli NATO, «hamon ozod» Ukraina, jinoyatchilik darajasini va dori-darmon narxlarini tushirish.

Biroq, amerikaliklar uning bu optimizmini qo‘llab-quvvatlamayotgandek ko‘rinadi. CNN so‘roviga ko‘ra, faqat 36 foiz amerikaliklar Baydenning prezident sifatidagi faoliyatini ma’qullagan. Eng yomon baholarni u migratsiya siyosati, tashqi siyosat va iqtisodiy holat uchun oldi. So‘rovda qatnashganlarning 60 foizdan ortig‘i uning prezidentligini muvaffaqiyatsiz deb hisoblaydi — bunday past bahoni faqat kichik Jorj Bush Oq uyni tark etayotganida olgan edi. Ularning 19 foizi prezidentning muvaffaqiyatsizliklarini tashqi omillarga bog‘lasa, 42 foizi buning sababi Baydenning o‘zi, deb hisoblaydi.

Bayden o‘zining yagona prezidentlik muddatini 36,7 foizlik reyting bilan yakunladi. Bu zamonaviy tarixdagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, hatto Trampning impichment va Kapitoliyga hujumdan keyin Oq uyni tark etish vaqtidagi reytingidan bir necha foiz past.

Kelajakda amerikaliklar Baydenning prezidentligiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishi ham mumkin. So‘rovlar ko‘rsatadiki, vaqt o‘tib mamlakatda sobiq prezidentlarga bo‘lgan munosabat yaxshilanadi. Ammo Bayden bilan bog‘liq holatda bu haqda hali gapirishga erta.

Ko‘proq yangiliklar: