Germaniyaning Drezden texnika universiteti olimlari otalar o‘z farzandining hidini taniy olishini ma’lum qildi. G‘ayrioddiy tadqiqot davomida olimlarning aniqlashicha, otalar nafaqat o‘z bolalarining hidini taniydi, balki uni yoqimliroq deb ham biladi. Tadqiqot natijalari Physiology & Behavior jurnalida chop etilgan.
Tadqiqotda 56 nafar ota va ularning 73 nafar biologik farzandlari ishtirok etdi. Bolalardan dush qabul qilish va toza, ilgari kiyilmagan kiyimlarda uxlash so‘raldi. Ertalab bu ko‘ylaklar yig‘ib olinib, hid namunalarini yaratish uchun olimlarga topshirildi. Keyin otalardan turli hidlarni bir qator xususiyatlar bo‘yicha baholash va ulardan qaysi biri farzandlariga tegishli ekanini aniqlash so‘raldi.
Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, otalar uch yoshgacha bo‘lgan farzandlarining hidini 37 foiz hollarda, o‘smirlik yoshiga yaqin bolalarining hidini esa 33 foiz hollarda to‘g‘ri aniqlay olgan. Otalarning javobi tasodifiy emas, ular haqiqatan ham o‘z farzandlarining hidini taniy olishgan, deyiladi maqolada. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, otalar bu hidni boshqa bolalarnikiga qaraganda yoqimliroq deb baholashgan.
Otalarning o‘z farzandlari hidini aniqlash qobiliyati butun bolalik davrida saqlanib qoladi, faqat balog‘atga yetish davri bundan mustasno, deb qayd etdi maqola mualliflari. Shuningdek, hidning yoqimliligi ota va bola o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga yordam beruvchi ijobiy hissiyotlar bilan bog‘liqligi ham aniqlandi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, o‘z farzandining hididan keladigan yoqimli his-tuyg‘ular bolalarni tanib olishda hamda ota-ona va bola o‘rtasidagi mustahkam aloqani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.