AQShning Florida shtati gubernatori Ron de Santis elektromobil egalarini “Helen” to‘foni sabab avtomobillarini balandroq joyda saqlash zarurligi haqida ogohlantirdi. Bayonot bilan bir vaqtda e’lon qilingan videoda garajda tutayotgan Tesla aks etgan. Bir necha soniyadan keyin elektromobilning ostida chaqnash yuz berdi va u alanga oldi.
Floridadagi Pinellas okrugi hokimiyati hodisa haqida qo‘shimcha ma’lumotlar bermadi, biroq aholini sho‘r suvga cho‘kkan elektromobillarning yonib ketishi xavfi haqida ogohlantirdi.
Shuningdek, ular elektromobil egalariga mashinalarini garajda zaryadlamaslik va saqlamaslikni maslahat berdi. Buning o‘rniga, hokimiyat ularni binolardan, boshqa avtomobillardan va yonuvchan materiallardan kamida 15 metr uzoqlikka qo‘yishni tavsiya etmoqda.
Tesla rasmiy rahbariyati ham “suv toshqini prognoz qilinganda”, elektromobillarni balandroq joyga ko‘chirishga chaqirmoqda. Agar juda kech bo‘lib, avtomobil allaqachon suvga to‘lgan bo‘lsa, Tesla uni inshootlardan uzoqroqqa ko‘chirishni va tekshirilmaguncha haydamaslikni maslahat berdi. Kompaniya, shuningdek, avtomobil egalariga bunday holatlarda mashinaga xuddi avariyaga uchragan kabi munosabatda bo‘lishni hamda sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilishni tavsiya etdi.
O‘tgan yilning iyun oyidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, Floridadagi elektromobillar soni 238 500 dan ortiq. Ushbu shtat AQShda Kaliforniyadan keyin ikkinchi yirik elektromobil bozori hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi oxirida AQShning Shimoliy Karolina, Florida va mamlakat janubi-sharqidagi boshqa bir qator shtatlarga yopirilgan “Helen” to‘foni kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilarga olib keldi. To‘fon 600 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilmoqda Vashington. Ta’kidlanishicha, qurbonlar soni haqida yakuniy tasdiq hali yo‘q.