«Eron katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun to‘lov qiladi». Isroil javob qaytarish bilan tahdid qilmoqda

Jahon 20:58 / 02.10.2024 25380

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu seshanba kuni kechqurun mamlakat bo‘ylab yopirilma raketa zarbalarini yo‘llagan Eron «katta xatoga yo‘l qo‘ygani va buning uchun to‘lov qilishi»ni aytdi. Eron hujumni «tajovuzkor harakatlar» uchun javob deb atab, hujum nishoni — harbiy obektlar bo‘lganini ta’kidlagan.

Netanyahu nimalar dedi?

«Eron bugun kechqurun katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Hali buning uchun javob beradi. Erondagi rejim o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan o‘ch olishga bo‘lgan qat’iyatimizni tushunmayapti, — degan Netanyahu o‘z murojaatida. — Biz o‘zimiz o‘rnatgan prinsiplarga sodiqmiz: bizga kim hujum qilmasin, albatta, unga hujum qilamiz».

Isroillik harbiylar mamlakat bo‘ylab uchirilgan 180 raketaning katta qismi tutib qolinganini ma’lum qilgan. Eron hujumi vaqtida Iordanning g‘arbiy sohilida bir falastinlik halok bo‘lgan, Isroil markazida maktab binosi, Tel-Avivda restoran shikastlangan.

Isroil mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagari mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari amerikaliklar bilan hamkorlikda samarali ish olib borganini ta’kidlagan.

«[Eron] Yaqin Sharqni eskalatsiyaga tortmoqda. Bugungi voqealar oqibatga ega bo‘ladi», — deya ogohlantirgan Hagari. «Bizning rejalarimiz bor va biz qaror qilingan joyda va vaqtda harakatga tushamiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Eron hujumidan bir necha soat o‘tib isroillik harbiylar «Hizbulloh»ning Bayrut janubidagi obektlariga hujum qildi. Bundan oldin Isroil mudofaa armiyasi mahalliy aholiga evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirish yuborgan.

Eron rasmiylari nimalar dedi?

Eron hukumatidagilar Isroilda faqat harbiy obektlarga zarbalar yo‘llagani va keng ko‘lamli urushni istamasligini, shu bilan birga, o‘zini himoya qilishga haqli ekanini aytmoqda.

Mahalliy davlat axborot agentliklari hujumlar nishoni isroilliklarning uchta harbiy bazasi bo‘lganini yozgan. Isroil tomoni hujum oqibatlari yuzasidan ma’lumot bermagan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi Isroil bo‘ylab zarbalar Tehronda Hamas siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilgani, shuningdek o‘tgan juma kuni kechqurun Bayrutga aviazarba natijasida «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrulloh o‘ldirilganiga javob bo‘lganini aytmoqda.

Korpusdagilar raketalarning 90 foizi o‘z nishonlariga muvaffaqiyatli zarba berganini bildirib, Isroil tomoni javob qaytaradigan bo‘lsa, «yanada halokatli hujumlarga duchor bo‘lishi»dan ogohlantirgan.

Seshanba kuni kechqurun «Hizbulloh»ning o‘ldirilgan yetakchisi Hasan Nasrullohning potrtretlarini ko‘targan odamlar Tehron markazidagi ko‘chalarga chiqishdi. Foto: AFP

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, zarbadan maqsad Isroilga Eron o‘z manfaatlari va fuqarolarini himoya qilishga tayyor ekanini namoyish etish bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni Eron o‘z imkoniyatlaridan faqat bir qismini ko‘rsatgan. Pizishkiyon Isroil hukumatini vaziyatni keskinlashtirish oqibatlaridan ogohlantirgan.

Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi tunda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida eronliklar amaliyoti yakunlangani haqida yozdi.

«Agar Isroil javob choralarini ko‘rmaydigan bo‘lsa, bizning harakatlarimiz yakunlandi. U holatda bizning javobimiz yanada kuchliroq bo‘ladi», — degan vazir chorshanba tongida yozgan navbatdagi tvitida.

Eronda parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir kun muddatga barcha aviareyslar bekor qilindi.

2 oktyabr kuni Eron oliy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy Livandagi «Hizbulloh» guruhi yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘limi va mintaqadagi umumiy vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

U Yaqin Sharqdagi keskinlikda «mintaqaga tinchlik va xotirjamlik olib kelishi mumkinligi haqida soxta bayonotlar berayotgan AQSh va Yevropaning ayrim mamlakatlari»ni ayblagan.

Xominaiy G‘arb mamlakatlari mintaqa mamlakatlari tinch-totuv yashashi uchun Yaqin Sharqdan «daf bo‘lishi» kerakligini ta’kidlagan.

U Nasrulloh uchun aza tutgani, ammo Eron rahbariyati bilan uchrashuvni ortga qoldirmaslikka qaror qilgani, chunki motam Eron uchun «otlantiruvchi va harakatlantiruvchi kuch» bo‘lishi kerakligini aytgan.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Eronning Isroil bo‘ylab raketa zarbasi mamlakatdagi barcha muhim qarorlarni qabul qilishda hal qiluvchi so‘zni aytadigan Xominaiyning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.

AQShdagilar nima demoqda?

AQSh prezidenti Jo Baydenning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Eronning zarbalarini «jiddiy eskalatsiya» deb atadi va Tehron jami 200 ga yaqin ballistik raketa uchirganini aytdi.

Sallivan Isroil yoki AQSh tomonidan javob choralari ehtimoli bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. U Amerika esminetslari eronliklarning raketalarini urib tushirishda Isroilga yordam ko‘rsatganini tasdiqladi.

Pentagon vakili Pet Rayder brifingda xabar berishicha, hujumni qaytarishda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining O‘rta yer dengizi sharqida turgan ikkita esminetsi ishtirok etgan. Amerika harbiy idorasi ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kungi zarbalar Eronning joriy yil aprelida Isroilga qilgan birinchi hujumidan «ikki baravar kattaroq» bo‘lgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Isroilni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, uning bevosita buyrug‘i bilan amerikalik harbiylar eronliklar hujumi vaqtida «Isroil mudofaasini faol qo‘llab-quvvatlagan». U shuningdek eronliklar hujumi to‘liq qaytarilgani va samarasiz bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Vitse-prezident va noyabrdagi saylovlarda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Kamala Harris hujumni Oq uyda Bayden bilan birgalikda real vaqt rejimida kuzatib borganini aytgan. U Baydenning Amerika kemalari Isroilga uchirilgan raketalarni urib tushirishi bo‘yicha buyrug‘ini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin chorshanbaga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida Vashington hamon mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini, shu bilan birga zarurat tug‘ilganda Isroilni Eron tajovuzidan himoya qilishga tayyorligini yozgan.

Ko‘proq yangiliklar: