Ifloslanish darajasi ortayotgan poytaxt havosi, Samarqanddagi universitetda yong‘in, Qoraqalpog‘istonda buzib tashlangan fermer sholpoyasi, — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Poytaxt havosi ifloslanishi ortmoqda
Oxirgi haftalarda Toshkent shahri havosida zaharli PM2.5 zarrachalari 15 martagacha oshishi kuzatildi. Bunga kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transporti ko‘pligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi kabilar sabab bo‘lyapti, deb izoh berdi Ekologiya vazirligi.
Bugun, 2 oktyabr kuni 9:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havo tarkibidagi PM2.5 zarrachasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasdiqlagan me’yordan 8.4 barobarga ko‘paygan.
Ekologiya vazirligi izohiga ko‘ra, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi.
Ma’lumot uchun: Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud. Bir kunda poytaxtga o‘rtacha yana 150 mingdan 300 minggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkent shahrida transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021 yilda 212,4 ming tonna, 2022 yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan, ya’ni zararli ajratmalar 190,6 ming tonna yoki 47,3 foizga ko‘paygan.
Samarqanddagi universitetda yong‘in
Kecha tunda Samarqand shahri Lolazor ko‘chasida joylashgan Arxitektura-qurilish universiteti hududida yangidan qurilayotgan (qurilishi tugallanmagan) majlislar zalida yong‘in sodir bo‘ldi.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar yo‘qligi ma’lum qilindi.
Yong‘in 1 oktyabr kuni soat 23:45 da Samarqand shahar Lolazor ko‘chasida joylashgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hududida sodir bo‘lgan va bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar berilgan.
Boshqarma axborot xizmati xabariga ko‘ra, 6 ta yong‘in qutqaruv ekipajlari jalb qilinib, voqea joyiga soat 23:54 da yetib borilib, soat 00:30 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida eski qurilish mahsulotlari yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, yong‘inning kelib chiqish sababi aniqlanmoqda.
Dehqonning sholi dalasi buzib tashlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida fermer Mansurbek Yo‘ldoshevning 14 gektar yetilay deb turgan sholisi mahalliy idoralar istagi bilan buzib tashlandi.
26 sentabr kuni soat 17:00 atrofida IIB xodimlari uning dala maydoniga bir nechta avtomashinalarda kelib, xo‘jalik ishchisining telefonini olib qo‘yib, ishchini mashinalardan biriga o‘tqazib, olib ketishgan.
IIB xodimlari o‘zlari bilan bitta “Belarus” va ikkita “New Holland” traktorlarini dalaga boshlab kelib, 14 gektarda pishib turgan sholini shudgor qilishgan.
Dehqonning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar bu ishlari bilan uning asosiy daromadini yo‘q qilishgan.
Holat borasida Kegeyli tuman IIBning munosabatini so‘radik, ayni paytda izoh berilishi kutilmoqda. Ekinni buzish jarayonida bevosita qatnashgani aytilayotgan ichki ishlar xodimlaridan biri esa telefon orqali muloqotda Kun.uz muxbiri ekanimni aytishim bilan, go‘shakni o‘chirib qo‘ydi.
Fermer faoliyatini 10 yil oldin boshlagan: qariyb 70 gektar o‘nqir-cho‘nqir tashlandiq yerni olib, chorvachilik yo‘nalishida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Biroq mahalliy hokimiyat uning egniga paxta va bug‘doy “reja”sini ham yuklagan. Fermerning chorvachiligi esa “saxovat”ga aylangan.
“Paxtadan foyda olmayman, bug‘doydan ham. Chunki hosilni o‘zlari belgilagan olishadi. Chorva esa “saxovat”ga aylandi – go‘shtni yarmarkada arzon narxda sotasan, deb majburlashadi”, – deydi “Aminboy Sharwa” fermer xo‘jaligi raisi.
Oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar ehtiyojmandlar toifasida
Prezident imzolagan qonun bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Endi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifasiga kiritiladi hamda mahalliy mehnat organlariga murojaat qilayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab etilishining oldi olinadi.
Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mahalliy mehnat organlariga bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, xodimlarning ishdan bo‘lg‘usi ozod etilishi haqidagi axborotni har oyda elektron tarzda taqdim etish shartlari belgilanyapti.
Samarqandda “Kamaz” 7 ta mashinani pachoqladi
Samarqand viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida yettita mashina shikastlangan. Hodisa 1 oktyabr kuni soat 18:15 lar atrofida Samarqand shahar hududidan o‘tuvchi M-37A avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
Tirkama bilan harakatlanayotgan “Kamaz” yuk mashinasining tormoz qismida nosozlik yuzaga kelgan va u o‘zi bilan bir yo‘nalishda kelayotgan yettita mashinaning ortidan urib, shikast yetkazgan.
Qayd etilishicha, hodisa tufayli hech kim tan jarohati olmagan va vafot etmagan. Hozirda holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.