O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Maltaning yangi tayinlangan elchisi Karmelo Inguanezni qabul qildi.
Qayd etilishicha, TIV rahbari Maltaning O‘zbekistondagi birinchi elchisi Karmelo Inguanezdan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgan.
«Kun tartibimizdan ikki tomonlama aloqalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, parlamentlar o‘rtasida do‘stlik guruhlarini tashkil etish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasida aloqalarni jadallashtirish va O‘zbekiston—Malta munosabatlarini yuksaltirishga qaratilgan boshqa yo‘nalishlar muhokamasi joy oldi. Shuningdek, biz diplomatik pasport egalari uchun o‘zaro vizasiz rejim joriy qilish to‘g‘risida bitim imzoladik», — deb yozadi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida.
O‘zbekiston va Malta o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993 yil 25 fevralda o‘rnatilgan. 2024 yil sentabr oyi oxirida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Nyu York shahrida Malta bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi va Yevropa ishlari va savdo vaziri Ian Borch bilan uchrashgan. Muzokaralar yakunida vazirliklar o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolangan edi.