Bayden amerikalik harbiylarga Isroilga yordam berishni buyurdi

Jahon 23:48 / 01.10.2024 9991

AQSh prezidenti Jo Bayden Eronning Isroilga uyushtirgan raketa hujumlarini Oq uydagi Situatsion xonada kuzatib bormoqda. U amerikalik harbiylarga «Isroil Eron hujumlaridan himoyalanishi uchun yordam berishni» buyurdi.

Oq uyning yozma bayonotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Bayden hamda vitse-prezident Kamala Harris Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik oshib borayotganini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Bayden va Harris Oq uydagi Situatsion xonada milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoa bilan uchrashuv o‘tkazgan va Eronning Isroilga nisbatan amalga oshirgan raketa hujumlariga bog‘liq voqealar rivojini kuzatyapti.

«Prezident Bayden amerikalik harbiylarga Eronning Isroilga hujumidan himoyalanishga yordam berish va mamlakatga qaratilgan raketalarni urib tushirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi», — deyiladi bayonotda.

1 oktyabr kuni kechqurun Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Isroil tomon raketalarni uchirib, buni HAMAS va «Hizbulloh» yetakchilarining o‘limiga javoban qasos deb atadi.

Jerusalem Post xabariga ko‘ra, Eron 500 ga yaqin raketani uchirgan va bu Isroilga eng keng ko‘lamli zarba bo‘lgan. Raketalar uchirilgach Isroil, Iordaniya va Iroq o‘z havo hududini zudlik bilan yopdi. O‘z navbatida TsAHAL bu zarbalar Eron uchun oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.

Ko‘proq yangiliklar: