Germaniyada Rossiya targ‘ibot telekanallari efiri bloklandi

Jahon 09:41 / 28.09.2024 1082

Germaniya bojxona organlari Karlsrue prokuraturasi topshirig‘iga ko‘ra, Internet orqali mamlakatda taqiqlangan RT (sobiq Russia Today) va "Rossiya 1" kabi Rossiya telekanallarini Germaniyaga retranslatsiya qilgan noqonuniy striming xizmati faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda 27 sentabr, juma kuni AFP va Südwestrundfunk xabar berdi.

Xizmatni Karlsruedan ikki yildan ortiq vaqt davomida 37 yoshli erkak va uning 42 yoshli ukrainalik rafiqasi boshqargan. Tintuv chog‘ida ulardan retranslatsiya uskunalari, yozma dalillar va 40 ming yevro naqd pul musodara qilindi. Bundan tashqari, er-xotinning noqonuniy strimingdan olgan 120 ming yevro miqdoridagi daromadi musodara qilindi va ular ishlatgan internet domeni bloklandi, deyiladi prokuratura xabarida.

Sanksiyalarni buzgani uchun er-xotin kamida bir yil qamoq jazosiga hukm qilinadi.

GFR va YeIda Rossiya tashviqot telekanallari taqiqlanishi

Germaniyada radio va teledasturlar davlat regulyatori - Lisenziyalash va nazorat komissiyasi 2022 yil 2 fevralda RT DE telekanalining Germaniyada translatsiyasini taqiqladi. Idora tushuntirishicha, telekanalning mamlakat hududida translatsiya qilish uchun litsenziyasi yo‘q, bu amaldagi qonunchilikka muvofiq talab qilinadi. O‘sha yilning 1 martida YeI Kengashi RT English, RT UK, RT Germany, RT France, RT Spanish va Sputnik efirini translatsiya qilishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi, chunki bu telekanallar Yevropa Ittifoqida jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soladi.

2022 yil dekabrida Rossiyaga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketi doirasida YeI Kengashi NTV/NTV "Mir", "Rossiya 1", ReN TV va Birinchi kanalning ko‘rsatuv litsenziyalarini to‘xtatib qo‘ydi. "Ushbu ommaviy axborot vositalari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining doimiy bevosita yoki bilvosita nazorati ostida bo‘lib, ular Rossiyaning tajovuzini qonuniylashtiradigan va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga putur yetkazadigan dezinformatsiya va harbiy tashviqotning uzluksiz va kelishilgan harakatlari uchun foydalaniladi", deya ma’lum qilgandi YeI Kengashi.

Ko‘proq yangiliklar: