24 yanvar, jumaga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari dronlar hujumiga uchradi. «Ryazan oblasti hududida uchuvchisiz uchish apparatlari havo hujumidan mudofaa va radioelektron urush tizimlari tomonidan yo‘q qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, moddiy zarar baholanmoqda», — deb yozdi mintaqa gubernatori Pavel Malkov o‘zining Telegram-kanalida.
Ryazanda yashovchilardan biri RBK nashriga shaharning o‘zida 20 dan ortiq portlash ovozini eshitganini aytdi. Keyinroq Malkov dronlar Ryazanga hujum qilganini tasdiqladi. «Ryazanga havo hujumi oqibatlarini bartaraf etish davom etmoqda. Barcha favqulodda xizmatlar ishlamoqda», deb yozdi gubernator.
Ukraina matbuoti hujumda Ryazan neftni qayta ishlash zavodi nishonga olinganini xabar qildi.
Uch oblast gubernatorlari urib tushirilgan dronlar haqida xabar berdi
Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz ham dron hujumi qaytarilganini ma’lum qildi. Mash Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari Bryanskdagi Kremniy zavodiga hujum qilishga urindi. Yo‘q qilingan uchuvchisiz uchoqning qoldiqlari ishlab chiqarish obekti yaqiniga tushgan.
Kursk meri Igor Kutsak shahar osmonida dron urib tushirilgani, vayronalarning qulashi natijasida to‘rtta uy zarar ko‘rganini yozgan. «Kursk avariya-dispetcherlik xizmatiga so‘rov tushgan manzillardan biriga bordim. Barcha xizmatlar voqea joyida, jabrlanganlar yo‘q. Ertalab shikastlangan mulkni baholash uchun komissiya tekshiruvi o‘tkaziladi», — deb yozadi u.
Bungacha Tula oblasti gubernatori Dmitriy Milyayev mintaqa uzra urib tushirilgan bitta dron haqida gapirgan edi. «Dalaga tushgan uchoq tufayli qurigan o‘t yonib ketdi. Vayronagarchilik va qurbonlar yo‘q», — deydi u.
Moskva aeroportlari parvozlarga cheklovlar joriy qildi
Dron hujumi xavfi tunda avval Saratov oblastida, keyin esa Tatariston va Samara oblastida e’lon qilindi. Mash Telegram-kanaliga ko‘ra, dronlar Saratov oblastidagi Engelsda neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan. Mahalliy aholi kamida yettita portlash ovozini eshitgan.
Moskva oblastida Moskva tomon uchayotgan bir nechta uchuvchisiz uchoqlar tutib olindi. Poytaxt aeroportlari hujumdan so‘ng parvozlarga cheklovlar joriy qildi.