Kiyev AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish zarurligi haqidagi «hal qiluvchi bayonoti»ni olqishlaydi, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga 23 yanvar, payshanba kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida «Ukraina: oldinga yo‘l» muhokamasi chog‘ida.
«Biz prezident Trampning bunday qat’iy bayonotlarini olqishlaymiz. Va biz u g‘olib bo‘lishiga ishonamiz. Biz bu urushni tugatish va uzoq muddatli adolatli va keng qamrovli tinchlik qaroriga erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarda yangi kuch uchun qo‘shimcha imkoniyatga ega ekanligimizga ishonamiz», — deya Sibigadan iqtibos keltiradi «Interfaks-Ukraina» agentligi.
Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaga bosimni kuchaytirish va uni muzokaraga majbur qilish zarurligiga ishora qildi. «Bizga AQSh rahbariyati kerak. AQShning ko‘proq ishtiroki kerak», — dedi u. Shu bilan birga, vazir Rossiyaning keyingi tajovuzkorligi uchun narxni, xususan, qattiq sanksiyalar siyosati orqali oshirish, shuningdek, Ukrainani mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Sibiga so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga «birinchi navbatda jang maydonidagi vaziyatni barqarorlashtirish va harbiy mudofaa salohiyatni mustahkamlash uchun to‘xtatuvchi vositalar paketi» zarur.
Tramp - Putinga: «Urushni tugatish vaqti keldi, aks holda bundan battar bo‘ladi»
Bir kun avval Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘i orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish bo‘yicha zudlik bilan bitim tuzishga chaqirib, aks holda Rossiya AQShning yangi sanksiyalariga duch kelishidan ogohlantirgan edi.
Tramp «Rossiyaga zarar yetkazishni istamasligini», «rus xalqini sevishini» va «Putin bilan har doim juda yaxshi munosabatda bo‘lganini» ta’kidladi, biroq qo‘shimcha qildi:
«Iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutayotgan Rossiyaga va prezident Putinga juda katta yordam bermoqchiman. Hoziroq kelishuv tuzing va bu bema’ni urushni to‘xtating! Tez orada kelishuv tuzmasak, vaziyat yanada yomonlashadi. Menda Rossiya AQSh va ittifoqdosh davlatlarga sotgan hamma narsaga yuqori soliqlar, bojlar va sanksiyalar joriy etishdan boshqa ilojim yo‘q».